“Baxti Tashkentskiy”ning sudini yoritgan jurnalist IIBga chaqirildi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Baxtiyor Qudratullayev va u bilan birga jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan yana 36 kishiga qo‘yilgan ayblov yuzasidan joriy yilning 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sudda prokuror ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Baxtiyor Qudratullayev esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga iqror emasligini bildirdi. Ushbu sud majlisini yoritib borayotgan “Daryo” jurnalisti Otabek Qo‘ldoshev Toshkent shahar Yunusobod tuman IIO FMB 3-sonli IIB 405-sonli tayanch punktiga chaqirilgan. Nashrga ko‘ra, sudga raislik qilgan sudya Tolibjon Obidov jurnalist ustidan shikoyat qilgan.

“Daryo”ning yozishicha, joriy yilning 22 iyun kuni tahririyatning jurnalisti Qo‘ldoshevdan tushuntirish xati olingan. Jurnalist bilan muloqot qilgan profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Xayrulla Do‘stov unga joriy yilning 3 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosidagi ochiq sudda yangragan ma’lumotni saytda yoritgani uchun gumonlanuvchi sanalayotganini aytgan. Shu sabab JIB Shayxontohur tuman sudi raisi Tolibjon Obidov tomonidan taqdimnoma kiritilganini bildirgan. Ammo gumonlanuvchi sifatida IIBga chaqirilgan jurnalist shikoyat nusxasi bilan tanishtirilmagan.

“2024 yilning 21 iyun kuni “Daryo” jurnalistini dabdurustdan IIB xodimi izlay boshladi. Vaholanki, chiqqan xabar “Daryo” internet nashrida e’lon qilingan va bu xabarning egasi to‘g‘ridan to‘g‘ri sayt hisoblanadi – aynan bir nafar jurnalist emas. 22 iyun kuni esa jurnalist IIBga chaqirilib, ustidan yozilgan shikoyat arizasi bilan tanishtirilmagan holda tushuntirish xati yozdirib olindi”, deyiladi nashr xabarida.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, jurnalist Otabek Qo‘ldoshevning “Xo‘sh, nima ayb qildim? Qaysi ishim xato?”, degan savoliga profilaktika inspektori “O‘sha kungi sudda video olib, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganingiz uchun”, degan javobni bergan. Shuningdek, IIB xodimlari jurnalist olib chiqqan ma’lumot xorijiy OAVda chiqib ketganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Toshkent IIB Baxti Tashkentskiy Daryo Otabek Qo'ldoshev Tolibjon Obidov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing