Sud “Baxti Tashkentskiy”ning apellyatsiya shikoyatini rad etdi
3-sahifa
−
12 dekabr 2023
2781515 sutkaga qamalgan “Baxti Tashkentskiy”ning advokati tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati rad etildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi ma’lum qildi.
Xabaringiz bor, Baxtiyor Qudratullayev joriy yilning 28 noyabr kuni soat 21:45 larda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi uyidan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgandi. U jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.
Qudratullayev esa sud majlisida, huquqbuzarligini tan olmay, uyida bo‘lganida uni xonadonidan olib ketishganini bildirib, suddan ishni odilona ko‘rib chiqishni so‘ragan.
Sud hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
Shundan so‘ng, uning advokati sudga qaror bo‘yicha apellyatsiya shikoyati bergan. Ammo shu yilning 9 dekabr kuni sud tomonidan apellyatsiya shikoyati ko‘rilib, rad etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 dekabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkent shahrida kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan edi. Shundan so‘ng, “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev, “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, Dilshod Tulqinovich Sharipov, Anvar Boborajabovich Mirzaxonov qo‘lga olingani haqida rasmiy xabar berdi.
“Baxti Tashkentskiy” O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi – juda ko‘p miqdorda tovlamachilik va 276-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi – ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash bilan gumonlangandi.