“Baxti Tashkentskiy”ning sudi

3-sahifa

Bugun, 3 iyun kuni “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevga oid ochiq sud boshlandi. 

Shu vaqtga qadar Baxtiyor Qudratullayev va unga aloqador 36 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” va 1 nafariga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgandi. Tergovga jalb qilinganlar va ayni vaqtda ushbu ayblovlar bilan hibsda saqlanayotganlar orasida Qudratullayevning ikki o‘g‘li va akasi ham bor. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod sudida bo‘lib o‘tgan birinchi sud majlisida, sudlanuvchilarga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar ko‘rib chiqildi. Ishda Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Tolibjon obidov raislik qildi.

QALAMPIR.UZ muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, dastlab sudlanuvchilarning ko‘pligi ortidan ularning qarindoshlari va mahalliy ommaviy axborot vositalarining sud zaliga kirishida muammolar yuzaga keldi. Keyinroq ushbu muammo bartaraf etildi. 

Sudda 38 nafar advokat qatnashdi. Ma’lum qilinishicha, Qudratullayevga oid jinoyat ishiga aloqador deb, jami 21 ta jinoyat ishi biriktirilgan.

Sud majlisiga raislik qiluvchi sudya Tolibjon Obidov dastlab O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 434-moddasi (Sudlanuvchining shaxsini va unga protsessual hujjatlarning nusxalari topshirilgan vaqtni aniqlash) talabiga ko‘ra, sudlanuvchilarning shaxsini  va ularga ayblov xulosasi nusxalari topshirilganlik vaqtini aniqlashtirdi. Endi sud tergovi boshlanadi. 

Ma’lumot uchun, Baxtiyor Qudratullayev  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi –  juda ko‘p miqdorda tovlamachilik va 276-modda (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi – ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash bilan gumonlanib, hibsga olingandi. Keyinchalik, u Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandiga qo‘shimcha ravishda, ushbu moddaning “v” bandi – uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab jinoyat sodir etganlikda ham ayblangani ochiqlandi. 

Joriy yilning fevral oyiga kelib, Baxtiyor Qudratullayevga Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. 

Qudratullayevning to‘ng‘ich o‘g‘li – 1994 yilda tug‘ilgan Bekzod Qudratullayevich Zafarov esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “v” bandi, 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “v” bandi bilan ayblanmoqda. 

Qudratullayevning kenja o‘g‘li – 27 yashar Ixtiyor Qudratullayev esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, “v” bandi bilan ayblanmoqda. 

“Baxti Tashkentskiy” akasi – 1966 yilda tug‘ilgan Shuhrat Zaparovich Qudratullayev Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan ayblanmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev 2023 yilning 28 noyabr kuni mamlakatda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida qo‘lga olingan. 

U jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.

Sud hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.

Shundan so‘ng uning advokati sudga qaror bo‘yicha apellyatsiya shikoyati bergan. Ammo 9 dekabr kuni sud tomonidan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, rad etilgan.

15 sutkaga qamalgan “Baxti Tashkentskiy” jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng, u tergov harakatlari davomida qamoqda saqlanishi uchun prokuror tomonidan sanksiya qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tergov Baxti Tashkentskiy Baxtiyor Qudratullaev Yunusobod sudi “Dolzarb 40 kunlik”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing