Trampning sobiq maslahatchisi maxfiy hujjatlar bilan bog‘liq aybini tan oldi
Olam
−
27 iyun 1939 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi, keyinchalik uning eng keskin tanqidchilaridan biriga aylangan Jon Bolton bugun, 26 iyun kuni federal sudda maxfiy ma’lumotlar bilan noqonuniy munosabatda bo‘lganini tan oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, unga nisbatan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.
“Bu qilgan ishimdan afsusdaman”, degan Bolton sud majlisida AQSH okrug sudi sudyasi Teodor Chuangga.
Ma’lum qilinishicha, 77 yoshli Bolton 2,25 million dollar miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘lgan. U jarimaning yarmini hukm chiqarilganidan keyin besh kun ichida, qolgan qismini esa 90 kun ichida to‘lashi lozim.
Shuningdek, Bolton 100 soatgacha jamoat ishlarini bajarish, razvedka hamda Adliya vazirligi vakillari bilan suhbatda ishtirok etish majburiyatini olgan. U bundan tashqari davlat pensiyasidan ham mahrum bo‘ladi. Yakuniy sud hukmini e’lon qilish sanasi oktyabr oyiga belgilangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Bolton o‘z xotira kitobini yozish jarayonida maxfiy ma’lumotlardan foydalanish maqsadida ikki nafar qarindoshiga razvedka brifinglari va yuqori lavozimli amaldorlar hamda xorijiy davlat rahbarlari bilan uchrashuvlarga oid qaydlarni bergan.
Manbaga ko‘ra, Boltonning “The Room Where It Happened” (“Hammasi sodir bo‘lgan xona”) nomli kitobi uning Tramp prezidentligining birinchi muddatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi sifatidagi faoliyati haqida hikoya qiladi. Asarda Bolton Trampni prezidentlik lavozimiga munosib emas deb ta’riflagan va bu ikki tomon o‘rtasida ochiq mojaroga sabab bo‘lgan.
Biroq prokuratura 26 iyun kuni mazkur kitobda hech qanday maxfiy ma’lumot chop etilmaganini ma’lum qildi. Tergovchilar, shuningdek, Boltonning shaxsiy elektron pochtasi Eron bilan bog‘liq deb hisoblangan shaxs tomonidan buzilganini bildirgan. Prokuratura bu ma’lumotni sudda yana bir bor tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, Jon Bolton Trampning birinchi prezidentlik muddatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan. Keyinchalik u Trampning eng taniqli siyosiy tanqidchilaridan biriga aylangan. U Tramp Adliya vazirligi tomonidan jinoiy ta’qib qilingan mashhur siyosiy raqiblardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Boltonga nisbatan tergov Tramp 2025 yilda hokimiyatga qaytishidan avval boshlangan va uni karerasi davomida federal prokuraturada ishlagan prokurorlar qo‘llab-quvvatlagan edi.
Live
BarchasiQo‘yliqda ham yong‘in sodir bo‘ldi
06 avgust