“Baxti Tashkent” ishi sudga chiqarildi

3-sahifa

Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish ertaga, 29 may kuni Shayxontohur tuman sudida boshlanadi. Ish sudya Tolibjon Obidov tomonidan ko‘riladi. 

Avvaliga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Baxtiyor Qudratullayev boshchiligida jami 30 dan ortiq kishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 165-moddasi (tovlamachilik), shuningdek, boshqa moddalar bilan ayblanayotganini ma’lum qilgan edi. Biroq, sudga yuborilgan materiallarda Qudratullayevga qo‘yilayotgan ayblovlar anchayin ko‘p. 

Bular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining: 

•104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “g” bandi; 

•109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi;

•138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 1-qismi; 

•165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandlari; 

•168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” va “v” bandlari;

•228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 3-qismi;

•242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) 1-qismi; 

•243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish); 

•276-moddasi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” va “b” bandlari;

•277-modda (Bezorilik) 2-qismi “b” va “v” bandlari.

Ayblanayotganlar orasida Qudratullayevning ikki o‘g‘li va akasi ham bor. 

Xususan, Qudratullayevning to‘ng‘ich o‘g‘li – 1994 yilda tug‘ilgan Bekzod Qudratullayevich Zafarov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “v” bandi, 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “v” bandi bilan ayblanmoqda. 

Qudratullayevning kenja o‘g‘li – 27 yashar Ixtiyor Qudratullayev esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, “v” bandi bilan ayblanmoqda. 

“Baxti Tashkentskiy” akasi – 1966 yilda tug‘ilgan Shuhrat Zaparovich Qudratullayev Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan ayblanmoqda. 

Jinoyat ishi doirasida jami 40 kishiga nisbatan ochilgan ish hujjatlari ko‘rib chiqiladi. 

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Qudratullayev 2023 yilning 28 noyabr kuni soat 21:45 larda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi uyidan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgandi. U jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.

Sud hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.

Shundan so‘ng uning advokati sudga qaror bo‘yicha apellyatsiya shikoyati bergan. Ammo 9 dekabr kuni sud tomonidan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, rad etilgan.

15 sutkaga qamalgan “Baxti Tashkentskiy” jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng, u tergov harakatlari davomida qamoqda saqlanishi uchun prokuror tomonidan sanksiya qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Baxti Tashkentskiy Baxtiyor Qudratullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing