Baxtsiz hodisa yuz bergan “Riviera” SKM qurilishi to‘xtatildi
Jamiyat
−
29 avgust 2019
5286Avvalroq, Toshkent shahrida The Tower MMG kompaniyasiga qarashli “Riviera” savdo-ko‘ngilochar markazi qurilish maydonida metall konstruksiya qulashi natijasida 4 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
“Riviera” SKMdagi baxtsiz hodisadan keyin The Tower MMG kompaniyasi bayonot bilan chiqdi va jabrlangan hamda halok bo‘lganlarning oilalariga yordam berishini ma’lum qildi.
“The Tower MMG rahbariyati “Riviera” SKM qurilish ob’ektida halok bo‘lganlar va jarohat olganlarning oilalariga hamdardlik bildiradi. The Tower MMG jarohat olganlarning va vafot etganlarning oila a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatadi va to‘liq yordam beradi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, ob’ektdagi qurilish ishlari hamma tafsilotlarni aniqlash va bo‘lib o‘tgan hodisaning aniq sabablarini topishga qadar to‘xtatib qo‘yildi. Voqea joyida ekspertlar guruhi ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, hozirda falokatda jabrlangan ikki nafar ishchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ochgan.