Bag‘dodda namoyishchilar Shvetsiya elchixonasiga o‘t qo‘ydi

Olam

image

Iroq poytaxti Bag‘dodda namoyishchilar Shvetsiya elchixonasi binosiga bostirib kirib, uni yoqib yubordi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi. 

Iroq poytaxtida bo‘lib turgan AFP muxbirining ma’lum qilishicha, 20 iyulga o‘tar kechasi binodan tutun ko‘tarilgan.

Voqea Stokgolmda Iroq elchixonasi oldida o‘tkazilishi rejalashtirilgan namoyishdan oldin sodir bo‘lgan. Shvetsiyaning TT axborot agentligiga ko‘ra, tashkilotchilar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida miting uchun Iroq bayrog‘i va Qur’onni yoqib yubormoqchiligini bildirgan.

Bunga javoban Iroq shialarining vakili Muqtada Sadr Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi oldida namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan.

“Reuters” agentligining qayd etishicha, aksiyada yuzlab odamlar ishtirok etgan. Namoyishchilar elchixonaga o‘t qo‘ygan.

Agentlik Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, Iroq poytaxtidagi elchixona xodimlari xavfsiz ekanini xabar qilgan.

Shuningdek, Iroq Tashqi ishlar vazirligi Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumni qoralab bayonot berdi.

"Iroq hukumati vakolatli xavfsizlik organlariga voqea holatlarini aniqlash, ushbu harakat uchun aybdorlarni topish va ularni qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun zudlik bilan tergov o‘tkazish va zarur xavfsizlik choralarini ko‘rishni buyurdi", deyiladi xabarda.

Shvetsiyada Qur’on yoqilishi

Joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida 37 yoshli iroqlik muhojir tomonidan Qur’on kitobi yoqib yuborilgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘z noroziligini bildirdi. Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qur’onning yoqilishi dinlararo adovat qo‘zg‘ashini aytib, bu holat jinoyat deya baholanishini hamda unga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Putinga uning Dog‘istonga safari davomida Qur’on sovg‘a qilishgandi.

Rasmiy Anqara ham Qur’onning yoqilishi yuzasidan Shvetsiyaga nisbatan noroziligini bildirib, ushbu mamlakat uchun NATOga a’zo bo‘lish “orzu” bo‘lib qolishini ma’lum qilgan. Yevropa Ittifoqi Shvetsiyadagi voqealar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirib, muqaddas kitoblarning yoqilishi haqorat, hurmatsizlik va ochiq-oydin provokatsiya ekanini bildirgan. Shuningdek, Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya Ittifoq fikrini aks ettirmasligini aytib o‘tgan. 

AQSH ham Qur’onning yoqilishini qoralab, Shvetsiyadagi musulmonlarning huquqlaridan xavotirda ekanini bildirgan. Iroq Qur’onni yoqqan odam uning fuqarosi ekanini da’vo qilib, Shvetsiyadan uni ekstraditsiya qilishni talab etgandi. Iroqda, shuningdek, futbol bo‘yicha milliy chempionatning “Al-Shorta” va “Al-Qosim” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda Shvetsiyada Qur’onning yoqilishiga qarshi aksiya o‘laroq futbolchi va hakamlar maydonga Qur’on kitoblari bilan chiqishdi.

2 iyul kuni esa Islom hamkorlik tashkilotida Shvetsiyada Qur’onning yoqilishi yuzasidan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgandi. 3 iyul kuni Rim papasi Fransisk Shvetsiyada Qur’on yoqilishini keskin qoralab, bu holat uni g‘azablantirganini ma’lum qildi. 5 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’onning yoqilishini qoralagandi.


Maqola muallifi

Teglar

elchixona Shvetsiya Bag'dod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing