Ozarbayjon Suriyadagi elchixonasini qayta ochadi

Olam

image

Ozarbayjon 12 yildan so‘ng Suriyadagi elchixonasini qayta ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kecha, 29 dekabr kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati mamlakat delegatsiyasining TIV o‘rinbosari Yalchin Rafiyev boshchiligida Damashqqa tashrifi davomida ma’lum qildi. 

“29 dekabr kuni o‘rinbosar Yalchin Rafiyev Damashqda Suriyaning muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vaziri Hasan Ash-Shibaniy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochish masalalarini muhokama qildi. Kutilishicha, Damashqdagi Ozarbayjon elchixonasi yaqin vaqt ichida o‘z faoliyatini qayta tiklaydi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, uchrashuvda Rafiyev Ozarbayjonning hududlarni qayta tiklash bo‘yicha tajribasi Suriyani tiklash jarayonida qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidlagan. Shuningdek, u gumanitar yordam va xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. TIV ma’lumotiga ko‘ra, ozarbayjonlik diplomatlar Suriyaning yangi bosqichdagi barqarorlikka o‘tishi munosabati bilan mahalliy rahbariyatni tabriklagan.

“Uchrashuv yakunida Suriya Tashqi ishlar vaziri Ozarbayjonga tashrif buyurish taklifini qabul qilib, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon 2012 yilning avgust oyida xavfsizlik vaziyatining yomonlashuvi tufayli Suriyadagi elchixonasini vaqtinchalik yopgan. Elchi va boshqa xodimlar Damashqni tark etib, vaqtincha Livanga ko‘chgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar elchixonasi Damashqda 2011 yilda Suriyada yuzaga kelgan mojaro sababli diplomatik missiyani to‘xtatganidan so‘ng 13 yilda qayta ochilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Ozarbayjon elchixona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing