Bag‘dod va Erbilda ilk biznes muloqotlar: O‘zbekiston–Iroq hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
Biznes
−
25 dekabr 2025 2647 3 daqiqa
23–25 dekabr kunlari O‘zbekiston ishbilarmonlar delegatsiyasi Iroq Respublikasiga amaliy tashrif bilan bordi. Tashrif doirasida Bag‘dod shahrida ilk bor O‘zbekiston–Iroq biznes forumi o‘tkazilib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiya tarkibiga oziq-ovqat, to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika, mebelsozlik va qurilish materiallari kabi yuqori eksport salohiyatiga ega sohalarda faoliyat yuritayotgan 25 ta yirik kompaniya va tadbirkorlar kirdi. Ushbu korxonalar jami 6 477 nafar xodimni band qilgan bo‘lib, 6,63 trln so‘mlik tovar aylanmasi, 179,1 mln AQSH dollari eksport hajmi hamda 213,2 mlrd so‘m soliq to‘lovlari bilan mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

O‘zbekistonning Iroqdagi elchixonasi va Iroq Iqtisodiy kengashi ko‘magida tashkil etilgan biznes-forumda Iroqning davlat idoralari va ishbilarmon doiralaridan 150 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbir davomida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi, sanoat va eksport salohiyati taqdim etildi, B2B uchrashuvlar o‘tkazildi hamda o‘zbek mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
.jpg)
Tashrif davomida Iroq Sanoat va mineral resurslar vazirligi, Savdo vazirligi, Milliy investitsiya komissiyasi hamda Iroq sanoatchilar uyushmasida muzokaralar o‘tkazilib, savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. Tomonlar yanvar oyida Iroq delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston–Iroq Qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi va navbatdagi biznes-forumni o‘tkazishga kelishib oldi.
.jpg)
Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Erbil Savdo-sanoat palatasi prezidenti Gailan Hoji Said bilan uchrashdi. Erbil shahri Iroq Kurdiston avtonomiyasida joylashgan bo‘lib, aholisi 3 milliondan ortiq va mintaqa iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutadi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Erbil Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida ilk bor anglashuv memorandumi imzolanib, O‘zbekiston–Erbil Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
.jpg)
Tashrif doirasida Kurdiston mintaqaviy hukumati Savdo va sanoat vaziri o‘rinbosari Sarvar Kamol Havariy bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qayd etilishicha, aholisi taxminan 7 million nafarni tashkil etuvchi Kurdiston mintaqasining ichki bozori yillik 17 mlrd AQSH dollariga teng import mahsulotlariga yuqori talabga ega. Asosiy ehtiyojlar oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi xomashyosi, sanoat uskunalari, qurilish materiallari, maishiy texnika va kimyo mahsulotlariga to‘g‘ri keladi.
.jpg)
Muzokaralar davomida O‘zbekiston tadbirkorlari uchun Iroq bozoriga chiqish, logistika va savdo zanjirlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuqori ekani alohida ta’kidlandi.

Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston tadbirkorlarini Iroq bozorida ochilayotgan yangi imkoniyatlardan faol foydalanishga chorlab, ushbu yo‘nalishda amaliy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini ma’lum qildi.
Live
Barchasi