BAA o‘z tarixidagi eng yirik harbiy paradni o‘tkazdi

Olam

image

Birlashgan Arab Amirliklari o‘zining Milliy kunini mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy paradni o‘tkazish bilan nishonladi. Bu haqda WAM xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu tadbir amirlik davlatining tashkil topganiga 53 yil to‘lishi, shuningdek, harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinganiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan. Paradni BAA Bosh vaziri va Dubay hokimi shayx Muhammad bin Rashid al Maktum o‘tkazgan. Bundan tashqari, tadbirda mamlakat vitse-prezidenti shayx Mansur bin Zoyid al Nahayon hamda Dubay valiahd shahzodasi va Mudofaa vaziri lavozimini egallab turgan shayx Hamdan bin Muhammad al Maktum ishtirok etgan.

Parad Abu-Dabi va Dubay chegarasidagi As-Samih hududida bo‘lib o‘tgan. Aynan shu joyda 1968 yil 18 fevral kuni ikki amirlik hokimlari shayx Zayd bin Sulton Al Nahayon va shayx Roshid bin Sayid al Maktum federatsiya tuzish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Paradda F-16 va Mirage 2000 qiruvchi samolyotlari, C-17 Globemaster III va C-130 Hercules harbiy transport samolyotlari, AH-64 Apache va CH-47 Chinook vertolyotlari ishtirok etgan. Bayram paradi doirasida jami 23 ming harbiy xizmatchi va 2 ming texnika qatnashgan.

BAA Qurolli kuchlari vakili polkovnik Jamol al-Balushiyga ko‘ra, o‘tgan tadbir mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy parad bo‘lgan va unga tayyorgarlik bir necha oy davom etgan.

Ma’lumot uchun, BAA hukumati 2014 yilda milliy harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan. Unga ko‘ra, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lmagan 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha erkak harbiy xizmatga jalb etiladi. Xizmat muddati chaqiruvchining ta’lim darajasiga qarab 11 oydan 36 oygacha davom etadi. Ayollar esa ixtiyoriy asosda harbiy xizmatni o‘tashlari mumkin, ular uchun xizmat muddati 11 oy bilan cheklangan.

Shuningdek, Milliy kun BAAdagi eng muhim bayramlardan biri bo‘lib, yagona amirlik davlatining tashkil topgan kuniga bag‘ishlangan. 1971 yil 2 dekabr kuni shayx Zayd bin Sulton Abu-Dabi, Dubay, Sharja, Fujayra, Ajman va Umm al-Qayvayn amirliklarini birlashtirgan, keyinchalik ittifoqqa Ras al-Xayma amirligi qo‘shilgan. Yagona davlat tashkil topishidan avval amirliklar 1820, 1853 va 1896 yillardagi sulh shartnomalari asosida tashkil topgan Britaniya protektorati bo‘lgan Ummon shartnomasi tarkibiga kirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Birlashgan Arab Amirliklari harbiy parad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing