BAA Prezidenti ham Shavkat Mirziyoyevni qutladi
Jamiyat
−
24 iyul 958 3 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida BAA Prezidenti mamlakat yetakchisini tavallud kuni munosabati bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq va farovonlik, sharafli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va davomiy ravnaq tilagan.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BAA strategik sheriklik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, yirik qo‘shma loyihalar jadal amalga oshirilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Faol siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada jadallashtirishga kelishib olingan.
Ikki davlat yetakchilari mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb hamda kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 69 yoshga to‘ldi.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.
1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.
1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlangan va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Нурсултон Nazarboyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich O‘zbekiston rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklagan edi.
Live
Barchasi