Ba’zi o‘qituvchilarning maoshi 50 foizgacha oshiriladi
Jamiyat
−
12 may 2022
15679O‘z fanidan xalqaro yoki milliy sertifikatga ega bo‘ladigan o‘qituvchilarga 50 foizgacha ustama olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “2022–2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga quyidagi tartibda har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi:
• xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga –ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
• xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida.
Bunda, milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim;
• Davlat test markazining mazkur bandning to‘rtinchi xatboshida ko‘rsatilmagan milliy test tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida.
Bunda, 2025 yil 1 yanvarga qadar chet tili fanidan kamida S1 darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik ustama 50 foiz miqdorida to‘lanadi;
• pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama – umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi;
• umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama yuqoriroq foiz ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi.
Hujjatga muvofiq Xalq ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida har yili 1 avgustga qadar milliy baholash tizimiga muvofiq bo‘lishi lozim bo‘lgan xalqaro standartlar ro‘yxati, ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi vakolatli xalqaro tashkilotlar ro‘yxati hamda xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) ro‘yxatini hamda har oylik ustama olish uchun ularning tegishli darajalarini e’lon qilib boradi.
Shuningdek, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va “Bolalar kutubxonalari” xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshiriladi.