Bahorning seryog‘in kelishi qishloq xo‘jaligi ekinlariga qanday ta’sir qiladi?
Bu qiziq
−
25 may
5484O‘zbekistonda mart-aprel va may oylarida har doimgidan ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilmoqda. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlari rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, suv zaxiralarini ko‘payishiga va yil davomida qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishida suv taqchilligiga barham berishga yordam beradi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, respublikadagi mavjud sug‘oriladigan maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun joriy yil sug‘orish mavsumida jami 38,2 milliard kub metr, jumladan, asosiy ekinlarga 30,2 milliard kub metr hamda aholi tomorqalari va takroriy ekinlarga 8,0 milliard kub metr suv talab etilishi hisob-kitob qilingan. Shunga asosan bahor oylarida yog‘ib o‘tgan yog‘in miqdori va respublikadagi mavjud suv omborlardagi suv zaxiralari, shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida joylashgan tog‘lardagi qor zaxiralarini hisobga olib, suv yetishmovchiligining 30-35 foiz qismini qoplashi kutilmoqda.
"Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu surunkali yog‘ingarchilikning qishloq xo‘jaligimizning sabzavot, poliz va kartoshkachiligiga ta’sirining ijobiy tomonlari ko‘p. Jumladan, yomg‘ir sabzavot, poliz va kartoshka o‘simliklari barglarining changini yuvib, tozalaydi. Bu esa o‘simlikning nafas olishini yaxshilaydi va fotosintez jarayonini tezlashtiradi", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, o‘simliklar havo qurib, harorat ko‘tarilganda kuchini tejash jarayoniga o‘tadi. Nafas oluvchi teshikchalari ustida yupqa plyonka hosil qilib, bug‘lanish jarayonini sekinlashtiradi. Yomg‘ir yoqqan davrda havo namligi ortadi va issiq harorat pasayadi, shunda o‘simliklarning nafas oluvchi teshikchalari yana qayta ochiladi. Natijada o‘simliklarda tezkorlik bilan ozuqa moddalarini singdirishni boshlaydi.
"O‘simliklarga yomg‘ir tomchilari orqali chaqmoq razryadlari va quyosh nuri ta’sirida paydo bo‘lgan kuchsiz azot unsurlari singib boradi. Bu turdagi tashqi oziqlantirish juda tez o‘zlashtiriladi.
Yomg‘ir suvi – mayin suv, chunki unda qattiq tuzlar (gidrokarbonat, kalsiy sulfatlari va magniy xloridlari) bo‘lmaydi. Mayin suvning afzalligi shundaki, u suv va gaz almashinuviga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Yomg‘ir suvining pH darajasi neytral suvga yaqin bo‘ladi, bu esa o‘simlikning hayotiy jarayonlariga foydali ta’sir ko‘rsatadi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bog‘dorchilik va uzumchilikka ham seryog‘ingarchilikning salbiy ta’sirlarini kuzatish mumkin. Xususan, bu yilgi ob-havoning barcha zararli organizmlar uchun, shu jumladan kasallik qo‘zg‘atuvchi patogen mikroorganizmlar va zararkunandalarning rivojlanishi uchun qulay bo‘lmoqda. Surunkali yog‘ingarchilik havoning nisbiy namligini yuqori bo‘lishi va havo haroratini +20+250S bo‘lishi kasallik qo‘zg‘atuvchilar uchun maqbul sharoit hisoblanadi. Ushbu sharoitlarda urug‘ mevali bog‘larda un shudring, kalmaraz, qora bakterial rak va monilioz kasalliklari, danakli meva bog‘larda esa klyasteriosporioz (teshikli dog‘lanish), monilioz, un shudring, shaftolining barg bujmayishi kabi kasalliklar keskin rivojlanishiga olib keladi.
Mazkur kasalliklarga qarshi difenokonazol, azoksostrobin, penkonazol, tiofonat-metil, piraklostrobin + difenokonazol asosli fungitsidlardan birini qo‘llash foydali hisoblanadi. Bu seryog‘in ob-havoda bog‘ zararkunandalarning rivojlanishiga sharoit bo‘lishi mumkin. Masalan, urug‘ mevali bog‘larda (olma, nok, behi) olma qizil qon shirasi, olma yashil shirasi, kaliforniya va binafsha rang qalqondorlar, g‘ilofli va girdak kuyalar, olma mevaxo‘ri va boshqa zararkunandalarni rivojlanishi va tarqalishi kuzatiladi.
Danak mevali bog‘larda (o‘rik, shaftoli, gilos, olxo‘ri va boshqalar) zararkunandalar olma va olxo‘ri qurti, qalqondorlar, shirlar, o‘rik va olcha filchasi va boshqa zararkunandalar rivojlanishi mumkin.
Shuningdek, ushbu surunkali yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan vaqtlarda tokzorlarda ham antraknoz, oidium, mildyu, serkosporoz kasalliklari katta maydonlarda tarqalib, jiddiy zarar yetkazishi kuzatiladi. Kasalliklarga qarshi ta’sir etuvchi moddasi mankotseb+metalaksil, mis sulfati+kasugamitsin, azoksitrobin asosli preparatlardan birini qo‘llash tavsiya etiladi.
Bundan tashqari tokzorlarda tok zararkunandalaridan uzum barg o‘rovchisi, tok unsimon qurti, komstok qurti kabi zararkunandalarning rivojlanishiga qulay sharoit yaratiladi. Zararkunandalarga qarshi indoksakarb, tiakloprid, deltametrin asosli prepartlarni qo‘llash tavsiya etiladi.
Iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov esa joriy yil ayni vegetatsiya davrida yuqori namgarchilik va havo haroratining pastroq kelishi qishloq xo‘jalik sektorida ham oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlarning har yilgi davrdan kechroq yetilishiga olib kelayotganini yozadi.
"Asosan aholi daromadi agrar sohaga bog‘langan biz kabi mamlakatda kishilarda pul qochishi ya’ni "ilik uzildi" davri ham odatiy mavsumiy davrdan sal keyinroq muddatlarga ko‘chdi. Ko‘plab yirik shahar bozor rastalarida savdoning haddan tashqari qochib qolganligidan ham buni tushunish mumkin", deydi olim.
Abdulahatov odamlarda pul qochishi asosiy sabablari agrar sektordagi bahorning kechroq kelishi bilan birgalikda iqtisodiy vaziyat, oylik daromadlar, real inflyatsiya kabi omillar o‘rni ham yuqori bo‘layotganini aytadi.