Azon.uz ta’sischisi Mubashshir Ahmad Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan tahdid bo‘lganini aytmoqda
Jamiyat
−
04 fevral 2021
16805Avvalroq Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak (Abdulaziz Raimov) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev tomonidan tahririyatga bosim va tahdid bo‘layotgani tufayli ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgani haqida xabar berilgandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy axborot berib, tahririyatga bosim bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Qo‘mitaning o‘ziga xos raddiyasidan keyin vaziyat yuzasidan Azon.uz portali rasmiy axborot berdi. Unda portal holatga aralashishni istamagani ammo vaziyat shuni taqozo qilgani ta’kidlangan.
“Haqiqatda sodir bo‘lgan ushbu holat yuzasidan Azon.uz portalida xabar bermaslikka qaror qilingan edi. Ammo Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 4 fevral sanasida portal bosh muharriri Abdulaziz Muborakning bayonotida keltirilgan voqealar bo‘lmaganligi aytib o‘tilgan Munosabatini o‘qib, shuningdek, “Azon new media” MCHJ muassisi Mubashshir Ahmad domlaning Facebook tarmog‘ida onlayn efir orqali chiqishlarini inobatga olib quyidagilarni rasman ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Mubashshir Ahmad domlaning Facebook`dagi bayonotidan ma’lum bo‘lishicha:
1. 2021 yil 3 fevral, kunning birinchi yarmida Azon.uz portali muassisi Mubashshir Ahmad domlaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimi tomonidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi (qo‘ng‘iroq vaqti, davomiyligi saqlab qo‘yilgan) va domla bilan Qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev gaplashmoqchi ekani aytilgan.
2. Dilshod Eshnayev Mubashshir Ahmad domlaga Azon.uz portali va boshqa, Mubashshir Ahmadga aloqador bo‘lmagan, axborot resurslarida e’lon qilingan maqolalar yuzasidan haqoratli so‘zlar bilan tahdid qilgan (telefon suhbati yozib olingan). Bunda Dilshod Eshnayev tomonidan Mubashshir Ahmad domlaning maqolalar bilan to‘liq tanish emasligi, masalani o‘rganib, noto‘g‘ri ma’lumot berilgani aniqlansa, uni saytdan o‘chirilishi haqidagi gaplari va o‘zaro munosabatlarda xushmuomala bo‘lish kerakligi haqidagi nasihatlari inobatga olinmagan.
“Yuqoridagilarni kelib chiqib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan Rais o‘rinbosari Dilshod Eshnayev harakatlariga baho berishlarini va bu haqda jamoatchilikni xabardor qilishlarini so‘raymiz, zero OAV sifatida faoliyat ko‘rsatuvchi resurs muassisi va xodimlarini yolg‘on gapirishda ayblash o‘zaro ishonchni yo‘qolishiga olib kelishi mumkin”, deyilgan rasmiy ma’lumotda.
Eslatib o‘tamiz, Azon.uz portali va Qo‘mita o‘rtasidagi mojaroga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bu holat bo‘yicha alohida bayonot bilan chiqdi.
Agentlik doimgidek davlat organlari va ommaviy axborot vositalarini qonunchilikda ko‘rsatib o‘tilgan qoidalar hamda o‘rnatilgan talablarni hurmat qilgan holda o‘zaro munosabatlarga kirishishga chaqirgan.
LiveBarchasi