Aziza Xo‘jayeva: “Kuchli karantin ma’nosini yo‘qotgan”

Salomatlik

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining hozirgi bosqichida karantin choralari befoyda. Immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayev “Tez yordam” ko‘rsatuvining navbatdagi sonida shunday fikr bildirdi.

“Hozirgi sharoitda karantin bo‘lishi kerak. Lekin nihoyatda kuchli karantin qilish kerak emas. Chunki karantinning asosiy ma’nosi yo‘qotilgan. Boshida karantin kasallikni to‘xtatish uchun qo‘llanildi. Hozirgi davrda kasallik aholi orasiga tarqab ketib bo‘ldi. Har kuni eshitib kelyapmiz, ko‘plab oilalarda bir kishi emas, butun oila koronavirusga chalinib, tuzalib ketyapti.

Bu kasallikni hozirgi bosqichda, to‘xtatib bo‘lmaydi. Endi bemorlar uchun sharoit yaratish kerak. Kimdir uyida davolanishi, kimdir kasalxonada ko‘proq nazoratda bo‘lishi kerak. Hozir aprel oyida bo‘lganidek kuchli karantin hech ham kerak emas, bu bizga xalal beradi. Chunki odamlar o‘zi uchun yordam ololmay qolishi mumkin – ular kasallansa, qon topshirishi, shifokorga borishi, turli tekshiruvlardan o‘tishi kerak. Agar poliklinikadan shifokor, hamshiralar maxsus formada uyma-uy yursa mayli, lekin hozir bu ularga og‘ir, poliklinika xizmati buni ko‘tara olmaydi. Shuning uchun bemorlar o‘zlari uchun yengilroq yo‘lni tanlashi kerak.

Aholi orasida kasallik kam bo‘lsa, karantin o‘rinli bo‘lardi. Lekin hozir bemorlarning soni ko‘payib ketdi. Har bir oilaning kamida bir a’zosi virusga chalingan”, deydi Aziza Xo‘jayeva

U koronavirsni yengil o‘tkazayotgan bemorlar shifoxonaga bormasdan, uyda davolanishi kerakligini, shunda og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun yetarli joy bo‘lishini aytib o‘tdi.

Boshqa bir virusolog Dildora Seklerga ko‘ra, hozir bemorlarni og‘irlik darajasiga ko‘ra saralab olish kerak.

“Kuchli karantindan maqsad nima edi? Birinchidan, avvaliga kasallar soni ko‘p emas edi, shuning uchun uni to‘xtatib turishi kerak edi. Ikkinchidan, davolash uchun joy tayyorlab olishga zarurat bor edi. Hozirgi davrda virus populyatsiga o‘tib ketdi.

Hozir bemorlarni tibbiy saralab olishga diqqat qaratish kerak. Misol, “O‘zekspomarkaz”da hammani qabul qilib, saralaydigan tizim ishga tushyapti. U yerda kasallik qanday shaklda o‘tayotgani aniqlanadi. Bemorni qabul qilishadi, agar unda kasallik yengil yoki o‘rta og‘irlikda bo‘lsa, kerakli ko‘rsatmalarni berib, uyga yuboradi. Ahvoli og‘irroq bo‘lsa, shifoxonaga yo‘naltiradi. Buning uchun alomatlar tekshiriladi. Uyga ketadigan bo‘lsa, qo‘liga nima qilish kerakligi bo‘yicha qo‘llanma beriladi”, deydi Sekler.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

579

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing