Vazir ishi sudda?
Tahlil
−
13 avgust
9244Jinoyat kodeksining 2 ta moddasida gumonlanib qo‘lga olingan sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ishi oradan deyarli 7 oy o‘tib sudga oshirildi. Endi u Jinoyat kodeksining 4 ta moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etish bilan ayblanmoqda.
2023 yilning 13 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi ( Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda gumonlanib, ushlangan sobiq vazir bugunga kelib, Jinoyat kodeksining
- 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandi,
- 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi,
- 206-modda (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi,
- 209-modda (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Tahririyatdagi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Voitov ishi doirasida boshqa shaxslar ham sudlanadi.
Voitov bilan ism sharfi bir qatorda turgan Rajabov Orzubek Otabayevich Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 189-modda (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 209-modda (Mansab soxtakorligi), 211-modda (Pora berish), 228-modda (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) kabi moddalar bilan.
O‘runbayev Alisher Fazliddinovich esa Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan ayblangani ma’lum bo‘lgan.
Ammo yuqorida ismini sanaganimiz shaxslar kim, ular qaysi lavozimda ishlagani bizga ma’lum emas. Tahririyatdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Voitovga oid birinchi instansiya sud majlisi 15 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudya Sardorbek Sodiqov tomonidan ko‘rib chiqila boshlanadi.
Yuqorida aytganimizdek, sobiq vazir 2023 yilning dekabr oyida qo‘lga olingan edi. O‘shanda u mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda 2022-2023 yillarda Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi direktoriga “zudlik bilan va muammosiz qarz ajratib berish to‘g‘risida” noqonuniy topshiriq bergan. Buning oqibatida esa “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror talabiga zid ravishda bir necha tadbirkorlik sub’ektlariga qarz mablag‘lari noqonuniy ajratilib, davlatning 9,8 mlrd so‘m mablag‘i rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aytilgandi. Albatta, bu holatlarning barchasi tergov organi tomonidan o‘rganilib, ayblov xulosalari sudga yuborilgan. Sud majlislari yakuniga yetib, hukm o‘qilganida esa sobiq vazir qanday jinoyat sodir etgani yo umuman etmagani ma’lum bo‘ladi.
Ma’lumot tariqasida aytib o‘tish kerak, Aziz Voitov 1980 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, Toshkent moliya instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.
2000-2017-yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida turli lavozimlarda, 2017-2020 yillarda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi lavozimida, 2020 yildan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari, 2022 yil avgustdan 2023 oktyabrgacha qishloq xo‘jaligi vaziri sifatida faoliyat olib borgan.
O‘tgan yilning 25 oktyabr kuni Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan ozod etilgani haqida gaplar bolaladi. Oradan bir necha soat o‘tib bu xabar rasman tasdiqlandi.
Vazir nima uchun ishdan ketgani yoki olingani ochiqlanmagan edi o‘shanda.
Aziz Voitov ishdan ketishidan 2 kun oldin 23 oktyabr kuni qishloq xo‘jaligi sohasining tahlili va kelgusida qilinishi rejalashtirilgan vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani e’lon qilingan edi. Undan keyin ishdan ketdi, ana undan keyin hibsga olindi.
LiveBarchasi