Aziz Abduhakimov karantin cheklovlarini yumshatish shartini aytdi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan amaldagi karantin muddati 15 avgustgacha belgilangan.

Bu muhlat tugaguncha 10 kun bor. Undan keyin nima bo‘lishi, cheklovlar shu qat’iylikda qolishi yoki yumshatilishi hozircha noma’lum. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov karantin qanday shartlarda yumshatilishini ma’lum qildi.

“Xabaringiz bor, navbatdagi karantin muddati 15 avgustgacha uzaytirilgan. Biz ma’lum darajada plato chizig‘iga, barqarorlikka erishishimiz, kelgusida kasallanishlar holatini kamaytirishimiz va amaldagi karantin cheklovlarini bekor qilishimiz uchun hozirgi vaqtda o‘rnatilgan cheklovlarga rioya qilishda davom etishimiz kerak. Bular niqobni iyakka emas, nafas olish a’zolarini yopadigan qilib taqish, antiseptik vositalardan foydalanish va ijtimoiy masofani saqlash”, deydi Abduhakimov.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 15 avgustdan keyin karantin cheklovlari epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, belgilanadi.

“Agar biz mana shu 15 kun ichida barcha talablarga qat’iy rioya eta olsak, u holda mazkur muddat tugagach, mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, hozirgi cheklovlarni olib tashlashimiz mumkin bo‘ladi”, deydi Aziz Abduhakimov “O‘zbekiston 24” lavhasida.

Avvalroq, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov karantin choralari yumshatilgan taqdirda kasallar soni ko‘payishiga tizim tayyorligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

karantin Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

760

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing