Ajdaho va fil birga raqsga tushmoqda – Si Szinpin
Olam
−
26 yanvar 6933 2 daqiqa
Xitoy va Hindiston dunyoning tinchligini saqlash uchun do‘stona aloqalarni yanada mustahkamladi. Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin ramziy tarzda ikki mamlakat munosabatlarini ajdaho va filning birga raqsga tushishiga qiyosladi. Bu haqda bugun, 26 yanvar kuni, “Sinxua” agentligi xabar berdi.
Keltirilishicha, Si Szinpin so‘nggi bir yil davomida Xitoy–Hindiston munosabatlari izchil ravishda yaxshilanib, rivojlanib borayotganini qayd etgan. U Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi aloqalarning yaxshilanishi dunyo tinchligi va farovonligini saqlash hamda rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga egaligini aytgan.
Xitoy yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy har doim ikki davlat uchun “yaxshi qo‘shnilar, do‘stlar va sheriklar” bo‘lish eng to‘g‘ri tanlov ekaniga ishonib kelgan. U Xitoy va Hindiston munosabatlarini ramziy ma’noda “ajdaho va filning birga raqsga tushishi”ga o‘xshatgan.
Shuningdek, Xitoy rahbari sog‘lom va barqaror munosabatlarni rivojlantirish uchun tomonlar o‘zaro almashinuv va hamkorlikni kengaytirishi, bir-birining tashvishlari hamda manfaatlarini inobatga olishi zarurligini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida, yadroviy qurolga ega bo‘lgan Xitoy va Hindiston davlati o‘rtasida uzunligi 3 800 kilometrlik, aniq belgilanmagan va 1950 yillardan buyon bahsli bo‘lib kelayotgan chegara mavjud. 2020 yilda yuz bergan qisqa jangi chog‘ida 20 nafar hind va 4 nafar xitoylik askar halok bo‘lgach, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgandi. Shundan so‘ng Himolay tog‘lari hududidagi chegara har ikki tomon tomonidan jiddiy harbiylashtirildi.
Biroq o‘tgan yili yuqori darajadagi bir qator ikki tomonlama tashriflardan so‘ng aloqalarni tiklash jarayoni boshlandi. AQSH prezidenti Donald Trampning keskin tashqi siyosati fonida savdo va investitsiya oqimlarini kuchaytirish maqsadida 2025 yilda Xitoy va Hindiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar qayta yo‘lga qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH eng yirik yadroviy davlatlar – Rossiya, Xitoy, Hindiston va Yaponiyani o‘z ichiga olgan “yadroviy beshlik” tuzishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi