Azaliy orzu 8-turdayoq amalga oshishi mumkin
Sport
−
21 mart
14607O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati-2026 turniri Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi 8-turidayoq mundial yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin. QALAMPIR.UZ keyingi turdayoq O‘zbekistonni 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga olib chiquvchi bir nechta nazariyalarni e’tiboringizga havola etadi.
Qo‘shnilar O‘zbekistonga yordam berishi mumkin
Uchinchi saralash bosqichi 8-turida Qirg‘iziston terma jamoasi 25 mart kuni o‘z uyida Qatarni qabul qiladi. Ayni vaqtda 3 ochko bilan 5-o‘rinni band etib turgan Qirg‘iziston termasi 10 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turgan Qatarni mag‘lub etadigan bo‘lsa, qirg‘izlarning ochkosi 6 taga yetadi. Qatarning ochkosi 10 taligicha qoladi va 4-o‘rindan yuqoriga ko‘tarilmaydi. Bu esa O‘zbekiston yana bir raqobatchisidan qutuladi degani.
Shimoliy Koreya BAAni mag‘lub etib berishi kerak
25 mart kuni 8-tur doirasida shuningdek, Shimoliy Koreya o‘z uyida Birlashgan Arab Amirliklarini qabul qiladi. KXDR guruhda 2 ochkoga ega va so‘nggi 6-o‘rinni band etib kelmoqda. O‘zbekistonning eng yaqin ta’qibchisi BAA esa 10 ochko bilan 3-o‘rinda kelmoqda. Agar Shimoliy Koreya BAAni mag‘lub etadigan bo‘lsa, O‘zbekiston va Amirliklar o‘rtasidagi ochkolar farqi yiriklashadi, agar O‘zbekiston Tehronda ijobiy natija qayd etsa... Bu haqda sal keyinroq.
Azaliy raqib bilan Tehrondagi o‘yin
Agar yuqoridagi ehtimollar amalga oshadigan bo‘lsa, ya’ni Qirg‘iziston Qatarni va eng muhimi Shimoliy Koreya BAAni mag‘lubiyatga uchratadigan bo‘lsa, O‘zbekistonning Eron bilan o‘yindagi durang natijasi ham muddatidan avval 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga olib chiqadi. Chunki agar durang bo‘lsa, BAA va Qatar bilan oradagi farq 7 taga yetadi. Bu esa mundial yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritilishiga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, 3-saralash bosqichi 8-tur o‘yinlari 25 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Qirg‘iziston-Qatar Toshkent vaqti bilan 18:45, Eron-O‘zbekiston 21:00, Shimoliy Koreya-BAA 23:15 da start oladi.
LiveBarchasi