Ayrimlar OAVga turli “usullar” bilan bosim o‘tkazishga urinmoqda — “Yuksalish” QALAMPIR.UZ jurnalistiga qarshi bo‘htonga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
07 avgust 2021
6676Bugun, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlar – Instagram, Telegram, TikTok’da bundan bir necha kun tarqalgan Olmazor city’da joylashgan ko‘p qavatli uylarning biri balkonida shaxsi noma’lum ayol va erkak ishqiy munosabati aks etgan video qahramoni go‘yo “QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova ekani” aytilgan bo‘hton videorolik tarqatilgani yuzasidan QALAMPIR.UZ tahririyati rasmiy bayonot e’lon qilgandi.
Jurnalistning sha’nini toptashga qaratilgan holat yuzasidan “Yuksalish” umummilliy harakati rasmiy bayonot berdi. Harakat videoni provokatsion va tuhmat xarakterga ega ekanini urg‘ulagan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yo QALAMPIR.UZ internet-nashri bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova deyilayotgan provokatsion va tuhmat xarakterga ega videoning qasddan tarqatilishi huquq va ahloq normalariga, davlat rahbarining so‘z erkinligini ta’minlashga va ommaviy axborot vositalari vakillarining kasbiy faoliyatini himoya qilishga qaratilgan siyosatiga zid”, deyiladi bayonotda.
“Yuksalish” umummilliy harakati OAV vakillari islohotlar mazmun-mohiyatini, jamiyatda mavjud muammolar va kamchiliklarni yoritishga, axborotlarni voqea joyidan xolis uzatishga, o‘z jurnalistik tekshiruvlarini o‘tkazishga va samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga intilib kelayotganini ta’kidlab, bu ochiqlik va oshkoralik siyosati hammaga ham yoqmasligini qayd etgan.
“Ayrimlar OAVga turli “usullar” bilan bosim o‘tkazishga, tahdid qilishga, ba’zan bo‘hton, yolg‘onlardan foydalanishga harakat qilish holatlari uchramoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda OAV sohasida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Jurnalistlar va blogerlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi haqida bir necha bor yuqori minbardan ta’kidlandi. So‘z erkinligi va ochiqlik islohotlar kun tartibining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’lon qilingan O‘zbekistonda, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashish, jurnalist, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilish mumkin emas!
“Yuksalish” umummilliy harakati jamoasi jurnalistning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, uning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan shaxslarning harakatlarini qoralaydi va huquqni muhofaza qilish organlarini huquqbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rishga chaqiradi”, deyiladi tashkiloti bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, bo‘hton video tarqatilishidan bir kun avval, 6 avgust kuni Feruza Najmiddinova QALAMPIR.UZ’da “Tashkent City” hududidagi restoranlar Respublika maxsus komissiyasi qarorini pisand qilmay, soat 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy-tahliliy reportajini e’lon qilgandi.
LiveBarchasi