O‘zbekistonda “snos”lar masalasini tizimlashtirish rejalashtirilyapti
Jamiyat
−
27 iyul 2019
3897“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov uy va inshootlar buzilishi kabi holatlarga munosabat bildirdi.
“Shahar va tumanlar, qishloqlar va mahallalarni obodonlashtirish, infrastrukturasini yaxshilash aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilishi, umuman olganda, davlat va mahalliy byudjetlarning katta qismi ijtimoiy sohaga ajratilayotganligi pozitiv jarayon deb hisoblayman.
Shu bilan birgalikda, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ijro etishga mas’ul alohida mahalliy boshqaruv organlarining tartibsiz harakatlari, shu jumladan qonunda belgilangan tartiblarga zid ravishda ogohlantirishlarsiz, kompensatsiyalarni to‘liq to‘lamasadan, bir so‘z bilan aytganda, uy egalari va tadbirkorlarning roziligini olmasdan xususiy yer uchastkalarining davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi holatlarini kuzatyapmiz.
Qator ziddiyatli vaziyatlar, ayniqsa so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng rezonans uyg‘otgan Yakkabog‘dagi ikki holat, Rishton, Yangiyo‘l tumanlari va Urganch shahridagi fuqarolar va hokimiyat vakillarining ochiq konfrontatsiyasi kabi holatlar hammamizni tashvishlantirmoqda”, deydi akmal Burhonov.
Mahalliy hokimiyat organlari tomonidan doimiy tarzda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar sanalgan:
• qisqa davr ichida bir hokimning ruxsati bilan qurilgan inshootlarning boshqa bir hokimning qarori bilan buzilishi;
• ob’ektlarning buzilishi haqida qonuniy ogohlantirish berilmasligi;
• tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarning buzilishi;
• fuqarolarning roziligisiz boshqa turar joylarga majburiy ko‘chirilishi;
• buzilayotgan uylar uchun kompensatsiya pullarining vaqtida berilmayotganligi yoki uning miqdorlari sezilarli darajada kamligi;
• hokimiyat vakillarining uy-joy egalari bilan qo‘pol munosabatda bo‘lishi, elementar muloqot madaniyatining yo‘qligi va boshqa ko‘plab muammolarning guvohi bo‘lyapmiz.
Shu sababli, “Yuksalish” umummilliy harakati bu kabi holatlarga barham berishga yo‘naltirilgan tizimni yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqmoqda:
• hududlarni uzoq yillik strategik rivojlantirish rejalari, bosh planlarini ishlab chiqish;
• yer uchastkalarining davlat hamda jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi jarayonlarining ochiq va shaffofligini ta’minlash, ushbu jarayonlarda aholi ishtirokini kengaytirish;
• hududlarni rivojlantirish loyihalari va dasturlarini aholi ishtirokida prezentatsiyalari va muhokamalarini tashkil etish;
• ushbu masala bilan bog‘liq qonunchilik ijrosi yuzasidan parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirish;
• tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan inshootlarni buzishga moratoriy e’lon qilish;
• mahalliy hokimiyat organlari ish samaradorligini baholash aholining ishonchi va roziligi asosida amalga oshirilishi bo‘yicha tartibni joriy qilish.
Shu maqsadda, “Yuksalish” umummilliy harakati muammoga aloqador barcha tomonlar, fuqarolar, mahalliy hokimiyat organlari, jamoat tashkilotlari va jamoatchilik kengashlari, quruvchi tashkilotlar, deputatlar, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokamalarni tashkil qilishni rejalashtirilmoqda.
LiveBarchasi