Ayrim shifokorlarning maoshi oshiriladi
Jamiyat
−
22 may 8878 3 daqiqa
Tajriba-sinov loyihasi doirasida ayrim tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oylik lavozim maoshlari 20 foizga oshiriladi. Bu haqda joriy yilning 19 may kuni qabul qilingan “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini joriy qilish;
- aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokor ulushini 70 foizga yetkazish;
- sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlari ish yuklamasini 30 foizgacha kamaytirish.
2025 yil 1 iyuldan mazkur farmonda belgilangan tuman (shahar)larda, 2026 yil 1 yanvardan Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli (tajriba-sinov loyihasi) joriy qilinadi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra, tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi:
- sayyor tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlariga oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida;
- tibbiyot brigadasiga belgilangan me’yorlardan 10 foiz ortiqcha qo‘shimcha biriktirilgan aholining har biri uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,3 foizi miqdorida – shaharlarda, 0,5 foizi miqdorida – tumanlarda;
- oila salomatligi bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi asosida tashkil etiladigan kurslarning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari uchun sertifikatga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oylik lavozim maoshlari – 20 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari – 10 foiz miqdorida oshiriladi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi.
Shuningdek, farmon bilan tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari va tibbiyot muassasalarida:
- rahbarlar uchun tibbiyotni boshqarish (menejerlik) bo‘yicha o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yiladi;
- o‘quv dasturi yakuni bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan rahbarlarga oylik lavozim maoshining 100 foizi, rahbar o‘rinbosariga – 80 foizi hamda bosh hamshiraga – 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi;
- rahbar xodimlar uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) belgilanadi hamda oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi;
- 1 yil davomida faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarida (KPI) ijobiy (56 foizdan yuqori) natijalarga erishmagan rahbar xodimlar lavozimidan ozod qilinadi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida hududiy darajadagi tibbiyot muassasalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq tashkiliy, boshqaruv va moliyaviy jihatdan birlashtirilib ko‘p tarmoqli shifoxonalarga aylantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda endilikda oilaviy shifokorlar 1500, hamshiralar esa 600–800 dollar oylik oladigan tizim yaratilishi aytilgan edi.
Live
Barchasi