Ayrim rahbarlar gazeta o‘qimasligi bilan maqtanadigan bo‘lib qoldi – Prezident

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat ta’lim muassasalari, xususan maktablarda o‘qituvchi va direktorlar gazeta va jurnallar o‘qimay qo‘ygani, majburiy obuna ortidan ixtiyoriy obuna ham yo‘q bo‘lib ketganini tanqid qildi. Bunda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning qarashlari hozirgi jamiyatga mos emasligini ifoda etdi. Jumladan Prezident shunday deydi: 

“O‘qituvchi o‘z ustida ishlashi, bilim va mahoratini oshirishi uchun qo‘shimcha metodik yordamni qayerdan oladi? Albatta, bu sohaga oid kitob va qo‘llanmalardan, maxsus pedagogik nashrlardan oladi. Afsuski, biz keyingi yillarda majburiy obuna bahonasida ixtiyoriy obunani ham yo‘q qildik. Albatta, bu birovlarga yoqmaydi. Xalq ta’limi vaziri bizda zamonaviy, men ko‘p eshityapman muloqotlarda “kerak emas, axborot texnologiyalari bor, jurnalam kerak emas, gezata ham kerak emas”. Bu noto‘g‘ri yo‘nalish. Hamma narsaning o‘z o‘rni bor. Kompyuterning ham o‘z o‘rni bor, jurnalning ham o‘rni bor, gazetaning ham o‘rni bor. Boshqacha yo‘lni tutish hozircha mumkin emas. Biz bunga tayyor emasmiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev. 

O‘zbekistonda 2018 yilga kelib ijtimoiy soha xodimlari, shifokorlar va o‘qituvchilarning gazeta va jurnallarga majburan obuna bo‘lishlariga chek qo‘yildi. Buni, hatto, ko‘pchilik ziyolilar, o‘zini ziyoli sanaydiganlar ham yoqlab chiqdi. Biroq ertani o‘ylamadi. Ikki o‘rtada gazetani majburlab o‘qitilayotganlar na televizor ko‘rdi, na internetda tuzukroq maqola o‘qidi. Majburiy o‘qishdan ham mosuvo qilindi. 

Bu orada o‘zbek jamoatchiligi, ziyolilar orasida nafaqat obuna, gazeta kerakmi degan savol kun tartibiga chiqdi. Bahslar tortishuvlarga aylandi. Prezident bu masalaga o‘z qarashlarini ochiqladi. 

“Shunday ayanchli hol keldiki, xatto, ayrim rahbarlar gazeta o‘qimasligi bilan maqtanadigan bo‘lib qoldilar. Mening kompyuterimda hamma narsa bor, mening telefonimda hamma bor deb. Yo‘q, gazeta ham, jurnallar ham o‘qish kerak, bu zamon talabi. O‘qituvchi o‘zining ijobiy ta’limini, bilimini, metodikasini yozishi kerak, muhokama qilishi kerak.

O‘zingiz bilasiz, dunyoda kompyuter texnologiyalari eng rivojlangan davlat bu Yaponiya hisoblanadi. Lekin bu mamlakatda kuniga uch-to‘rt million nusxa nashr etiladigan gazetalar borligini nima deysiz? Gazeta va jurnallar maktabga kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Gazeta

Baholaganlar

79

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing