Mirziyoyev harbiylarni tabrikladi
Jamiyat
−
14 yanvar
1698O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
“Barchamiz uchun shon-sharaf timsoliga aylangan mana shu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizni, muhtaram faxriylarimizni tabriklab, ularning sha’niga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz”, degan Prezident.
Shuningdek, Prezident Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan qahramon harbiylarning so‘nmas xotirasi oldida hurmat bajo keltirishini bildirgan.
“Fursatdan foydalanib, mard va bahodir yurt posbonlarini tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiy xizmat davomida Vatan himoyachilariga tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotgan ularning oila a’zolariga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman”, degan Prezident
Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi yillarda olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlari tufayli Qurolli Kuchlar mamlakat mustaqilligi, chegaralar daxlsizligi, xalqning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda.
Barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiya ular uchun, yoshlar uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.
“Eng muhimi, xalq bilan armiya tobora yaqin bo‘lib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bag‘ishlamoqda”, degan davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident bugungi kunda navqiron avlod o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlar Vatan himoyasiga dadil bel bog‘layotgani barchani cheksiz quvontirishini bildirgan.
“Biz ana shunday o‘tyurak farzandlarimiz timsolida bo‘lg‘usi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning bo‘lajak ofitser va generallari, mohir qo‘mondonlarni ko‘ramiz”, degan u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyo miqyosida turli xavf-xatarlar, qurolli to‘qnashuvlar tobora avj olib borayotgan o‘ta murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlarning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ma’naviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
“Shu munosabat bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida bu borada boshlagan ishlarimizni mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarishimiz shart. Xususan, Qurolli Kuchlarimizni yangi, modernizatsiya qilingan o‘t ochish tizimlari va texnika bilan ta’minlashni harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini, qo‘shinlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda davom ettiramiz”, degan Mirziyoyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda boshlang‘ich harbiy ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Askar va ofitserlarning professional mahorati, harbiy bilim yurtlarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, malakali harbiy kadrlar zaxirasini yaratish doimo ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlarsfaxriylarini ijtimoiy himoya qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham diqqatimiz markazida bo‘ladi.
“Ana shu muhim vazifalarni bajarishda, hech shubhasiz, harbiy-ma’muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Chunki, xalq bilan muloqot va maslahat asosida, uning ishtirokida amalga oshirilgan ish albatta qudratli ijobiy kuchga ega bo‘ladi”, degan Mirziyoyev.
“Umuman, bugungi kunda barchamiz – qaysi soha yoki tarmoqda, qanday lavozimda ishlamaylik, Vatan himoyachisi bo‘lishimiz zarur. Bu talabni davrning o‘zi oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘ymoqda va xalqimiz ham bizdan aynan shuni kutmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingandi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar