Oliy pedagogik ma’lumoti yo‘q maktab o‘qituvchilari OTMning sirtqi bo‘limiga qabul qilinadi
Jamiyat
−
27 aprel 2022
12896O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarni pedagogik staji asosida sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror bilan Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarni pedagogik staji asosida sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom muvofiq tasdiqlanadi. Nizomda quyidagilar nazarda tutiladi:
• Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (nodavlat ta’lim tashkilotlari bo‘yicha), tasarrufida umumta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 1 dekabrga qadar tizimida oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish yuzasidan asoslangan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga taqdim etilishi;
• umumta’lim muassasalarining oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarini oliy ta’lim muassasalarining pedagogik ta’lim sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha maqsadli qabul parametrlari Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi;
• maqsadli qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etuvchi abituriyentlar ro‘yxati joriy yilda sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim sohasiga oid bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish imtihonlarida ishtirok etib, talabalikka tavsiya etilmagan umumta’lim muassasalarining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, kamida besh yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilari (keyingi o‘rinlarda – o‘qituvchilar deb yuritiladi) orasidan shakllantirilishi;
• umumta’lim muassasalarining besh yildan kam bo‘lmagan pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilari sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim sohasiga oid bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qishi ular tomonidan to‘lanadigan bazaviy to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi;
• maqsadli qabul bo‘yicha o‘qituvchilar yashash hududidan qat’iy nazar Xalq ta’limi vazirligining dasturiy kompleksi – yagona axborot tizimi (ERP)ga o‘qituvchining ish joyi sifatida kiritilgan hudud uchun ajratilgan qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etishi;
• tanlov hamma uchun umumiy, kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshirilishi;
• tanlov natijalari hududlar (ta’lim yo‘nalishlari) kesimida ajratilgan qabul parametrlari doirasida Davlat test markazi tomonidan reyting ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda shakllantirilishi;
• tanlov natijalariga ko‘ra o‘qituvchilar Davlat test markazining maxsus dasturi orqali oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan ta’lim yo‘nalishlari orasidan pedagogik ta’lim sohasiga oid bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarining birinchisiga o‘qishga qabul qilinishi;
• Davlat test markazi Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq talabalikka tavsiya etilgan o‘qituvchilar haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha tanlov qaydnomalarini oliy ta’lim muassasalariga taqdim etishi.
Nizomda belgilanishicha, umumta’lim muassasalarining besh yildan kam bo‘lmagan pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan oliy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilari sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim sohasiga oid bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ular tomonidan to‘lanadigan bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Xalq ta’limi vazirligi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (nodavlat ta’lim tashkilotlari bo‘yicha), tasarrufida umumta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 1 dekabrga qadar tizimida oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish yuzasidan asoslangan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat komissiyasi deb yuritiladi)ga taqdim etadi.
Ehtiyojga ko‘ra takliflar hududlar va ta’lim yo‘nalishlari kesimida shakllantiriladi.
LiveBarchasi