Ayrim davlatlarda 5 ta prezident quvildi, hech narsa o‘zgarmadi – Nazarbekov
Madaniyat-san’at
−
30 iyun 2022
26256Ayrim davlatlarda liderni yomonlash orqali jamiyatdagi katta islohotni chilparchin qilib tashlash bo‘yicha ma’lum tajribalar yaratilgan. Buning ortida katta guruhlar ishlaydi. Shuning uchun ayrim davlatlarda 5 ta prezident quvildi, lekin jamiyatda hech narsa o‘zgargani yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov kecha, 29 iyun kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Nazarbekov, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan tortishuvlar, yangi Konstitutsiya targ‘iboti bilan bog‘liq chiqishlar muhokamalarga sabab bo‘layotganiga to‘xtaldi. U ayrim blogerlarning faoliyati uni qo‘rqitayotganini aytdi.
“Oxirgi paytda mana shu sohada (jurnalistika – tahr.) ong shakllantirish nuqtai nazaridan meni ko‘proq qo‘rqitayotgan narsa nima desa, ochig‘ini aytaman, bugungi kungi tendensiyada o‘zimning liderim (Prezident Shavkat Mirziyoyev – tahr.)ni himoya qilsam, ayb sanalyapti. Kechirasizlar-ku buni ko‘proq blogerlar amalga oshiryapti. Bu ayb ekkanligi butun jamiyatga uqtirilyapti. Hokimiyatning islohoti haqida gapirish – bu vatanga xiyonat, xalqqa xiyonat degan tushuncha targ‘ib qilinyapti va mustahkamlab borilyapti. Bu ishlar maqsadli bo‘lyapti. Buning ortida dasturlar, katta-katta jamoalar ishlayapti, resurslar ajratilyapti, shakllantirilyapti. Bu jarayonlarning ichida o‘zini omon-pok saqlab turish oson narsa emas. Chunki shuhrat keltirishning eng oson yo‘li mana shu: bitta katta liderni yomonlash yoki jamiyatdagi katta islohotni chilparchin qilib tashlash, bir deganda shuhrat beradi. Mana shulardan o‘zini manfaati yo‘lida foydalanayotganlar meni qo‘rqitadi.
Kechirasizlar-ku ayrim davlatlarda mana shu ong shakllantirib bo‘lingan. Shuning uchun bugungacha beshta prezident quvildi, lekin u jamiyatda hech narsa o‘zgargani yo‘q. Shunaqa immunitet shakllantirilgan. Soddaroq qilib aytsam, Umar odilni olib kelib qo‘ysanglar ham u xalq endi rozi bo‘lmaydi. Shu rozi bo‘lmaslik, erkinlik degan tushunchalar u jamiyatda targ‘ib qilindi, shakllantirildi: kim kelsa, ham rozi bo‘lmaslik”, deydi Ozodbek Nazarbekov.
Vazir aynan qaysi mamlakat haqida so‘z yuritganiga aniqlik kiritmagan. Biroq anglashilishicha, Nazarbekov katta ehtimol bilan O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi Qirg‘izistondagi vaziyatga ishora bergan. Mamlakat mustaqillikka erishgach, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan bordi. Bu orada Qirg‘izistonning 5 prezidenti – Asqar Akayev, Kurmanbek Bakiyev, Roza Otunbayeva, Almazbek Atamboyev va Sooronbay Jeenbekov turli yillarda fuqarolar noroziligi ortidan lavozimini tark etdi.
LiveBarchasi