Ayollarni paxta terimiga chiqishga majburlagan “zamhokim” jazolandi
3-sahifa
−
08 Sentabr 11787 2 daqiqa
Avvalroq, Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Toshmatovaning mahalla xotin-qizlar faollarini paxta terimiga majburlagani aks etgan videosi tarqalgani xabar qilingandi. Mazkur holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi munosabat bildiridi.
Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan. Jumladan, Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosarining mahalla faollariga paxta terimiga 5-10 nafardan fuqarolarni majburiy jalb qilish haqida topshiriq bergani tasdig‘ini topgan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (20 mln 600 ming so‘m) jarima qo‘llanilgan.
“Unutmang! Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan. Shuningdek, ushbu harakat ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 1-qismiga asosan 50 baravardan 100 baravarigacha jarima qo‘llanishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Shuningdek, vazirlik fuqarolar majburiy mehnatga doir murojaatlarini 1176 yoki (71)-200-06-00 ishonch raqamlari orqali qoldirishlari mumkinligini eslatmoqda. Murojaat yo‘llagan fuqarolarning shaxsiy sir saqlanishi kafolatlanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Buning ortidan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiriga intizomiy jazo berilishi hamda maktab direktorining egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilandi. Shu bilan birga, tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshevga ta’lim muassasalarida yetarli nazorat o‘rnatmagani va zaruriy targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali olib bormagani uchun “hayfsan” intizomiy jazosi berilgandi.
Live
Barchasi