“Ayollardan go‘ng hidi kelyapti”. Senator gaz yetishmovchiligi va odamlar tezak yoqayotgani haqida

Jamiyat

image

2020 yil 30 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovida ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi mavjud muammolarni bartaraf etish, shu jumladan, iste’molchilarning tobora oshib borayotgan tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Biroq aholi bilan muloqotlar, joylardagi o‘rganishlar, tabiiy gaz quvurlari tizimi ahvoli, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi va huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili ushbu sohada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar hali ham saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.

Yig‘ilishda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov joylarda aholini gaz bilan ta’minlash yildan yilga salbiy tomonga qarab o‘zgarayotganini tanqid qildi.

“O‘rtachirchiq tumanidagi bo‘lgan holatni aytib beray. Bir yoshi katta onaxon kelib aytyapti: “yaqinroq kelib, meni hidlang, bizdan – ayollardan go‘ng hidi kelyapti. Tezak yoqyapmiz. Xohlagan xonadoningizga kirib, ko‘ring”. Mingdan ortiq odam bilan uchrashuv o‘tkazayotgandik. Trubalar bor, ilgari gaz bo‘lgan. Murojaat qilsa, “Hududgazta’minot” nima deb javob beryapsizlar: gaz mabodo uzilib qolsa, bir necha yildan beri gaz o‘zi umuman yo‘q , suyultirilgan gaz bilan ta’minlaymiz, deb 12 kilodan gaz berib, mana haligacha yo‘q. odamlar yozib yotibdi”, degan senator "Mening yurtim" telekanali lavhasida.

Muhokamalar vaqtida bugungi kunda “Xududgazta’minot” AJ tasarrufida respublika bo‘yicha jami 89 172,1 km gaz quvurlari mavjud bo‘lib, ushbu gaz quvurlarining 20 525,3 km qismi 10 yilgacha, 25 729,2 km qismi 10-25 yilgacha, 42 917,5 km qismi esa 25-30 yillar va undan ortiq muddat foydalanib kelinayotgani ta’kidlandi.

Shulardan 766,4 km gaz quvurlari o‘z vaqtida almashtirilmaganligi sababli mukammal ta’mirtalab, ya’ni to‘liq yangilash xolatiga kelib qolgan. 

“Qayd etish lozimki, ushbu quvurlarni zudlik bilan almashtirish choralari ko‘rilmagan taqdirda tabiiy gaz isrofgarchiligi kundan-kun ortib borishi, turli avariyalar va baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishi mumkin”, deyiladi Senat xabarida.

Bildirilishicha, bu borada “Xududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan esa 2020 yilda bor yo‘g‘i 68,4 km. gaz tarmoqlari mukammal ta’minlangan va 49,2 km. rekonstruksiya qilingan.

Kompaniya tasarrufidagi 16 757,6 km yer osti po‘lat gaz quvurlarini elektro-kimyoviy ximoya uchun  faqatgina 1305 ta elektr kimyo ximoyalash vositalari ishlatilmoqda. Ushbu vositalarni loyiha asosida taxminan har 2-3 km ga ishlatilishini hisobga olsak yer osti po‘lat gaz quvurlarining bor yo‘g‘i 2610 km qismi, ya’ni 16 foizi elektro-kimyoviy ximoyalangan. 14 147,6 km yer osti po‘lat gaz quvurlari esa umuman ximoyalanmagan.

“O‘ztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining loyihalarida ko‘zda tutilgan 2 117 ta elektro-kimyoviy himoya stansiyalaridan, bugungi kunda faqatgina 1 097 tasi, ishchi holatda, 761 tasi esa belgilangan talablarga umuman javob bermaydi.

Eng achinarlisi, 25-30 yillik gaz quvurlarini almashtirish imkoni bo‘lmayotgan paytda, foydalanuvga yaroqli bo‘lgan gaz quvurlarini asrash choralari ko‘rilmagan.

"Yana bir jihat. Bugungi kunda “Xududgazta’minot” AJ tasarrufidagi gaz rostlash punktlarining soni 80 334 tani tashkil etadi. Ulardan 40 minga yaqini 20-30 yildan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda. Chilangarlar shtati qisqartilishi natijasida esa gaz rostlash punktlariga o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatilmayapti", deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, “Xududgazta’minot” AJga qarashli shahar, tumangaz filiallarining ayrim ishchi xodimlari bilim saviyasi hozirgi talab darajasida emasligi va o‘z vazifalarini to‘liq bajarmayotganliklari sababli respublika gaz tizimida mavjud bo‘lgan texnik qurilmalarga sifatli xizmat ko‘rsatilmayapti.

Qo‘mita tomonidan navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga aholini gaz bilan ta’minlash masalasini ham kiritish belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Qutbiddin Burhonov

Baholaganlar

184

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing