Rossiya Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha Turkmanistonni ortda qoldirdi
Olam
−
23 aprel
37282024 yilning fevral oyi holatiga ko‘ra, Rossiyaning “Gazprom” korporatsiyasi Xitoyga quvur gazining eng yirik yetkazib beruvchisiga aylandi. Ruslar uzoq vaqtdan beri ilk bor Turkmanistonni chetlab o‘tdi. Bu haqda “Interfaks” Xitoy Bosh bojxona boshqarmasiga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Rossiya Federatsiyasi Xitoy bozorida bir necha oydan buyon nafaqat quvur gazini eksport qilish, balki suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha ham yetakchi bo‘lib kelmoqda.
Agar birinchi holatda “Gazprom” Turkmanistondan oldinda bo‘lsa, ikkinchisida Avstraliyadan oldinda bo‘lgan.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida Rossiya korporatsiyasi Xitoyga 2,5 milliard kub metr, Turkmaniston taxminan 2,4 milliard kub metr ko‘k yoqilg‘i eksport qilgan.
Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo respublikasidan yetkazib berish yanvar oyidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan kuniga 82 million kub metrga kamaygan.
“Fevral oyida Xitoyga gaz eksportini butunlay to‘xtatgan O‘zbekiston tufayli Rossiya Xitoyga yetkazib berish hajmini oshirdi. Bunday qaror qish faslida O‘zbekistondagi keskin sovish bilan bog‘liq. O‘sha paytda Toshkent shahri maishiy iste’molchilarni issiqlik bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha energiya resurslariga muhtoj edi”, deyiladi xabarda.
Umuman olganda, joriy yilning fevral oyida Xitoy boshqa mamlakatlardan 5,34 milliard kub metr tabiiy gaz sotib oldi, bu 2023 yilning xuddi shu ko‘rsatkichidan 17 foizga ko‘pdir. Bunda Xitoyga resurslarning asosiy yetkazib beruvchilari Avstraliya, Qatar, Malayziya, Rossiya va AQSH hisoblanadi.
LiveBarchasi