Ayollar o‘rtasidagi “US Open” finalchilari aniq bo‘ldi

Sport

image

Qozog‘istonlik Yelena Ribakina va belaruslik Arina Sobolenko AQSH Ochiq chempionatining final uchrashuvida o‘zaro to‘qnash keladigan bo‘ldi. 

Musobaqa Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tmoqda. Yarim finalda ikkinchi raqam ostida saralangan Ribakina to‘rtinchi raqamli amerikalik Koko Gauffni 3:6, 6:4, 6:4 hisobida mag‘lub etdi. Birinchi raqam ostidagi Sobolenko esa uchinchi raqamli amerikalik Jessika Pegulani 7:5, 6:2 hisobida taslim qildi.

Final uchrashuvi ertaga, 12 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. 27 yoshli Ribakina musobaqa yakunlariga ko‘ra Sobolenkoni ortda qoldirib, WTA reytingida birinchi o‘ringa ko‘tariladi. Qozog‘istonlik tennischi faoliyati davomida WTA turkumidagi 13 ta yakkalik musobaqasida g‘olib chiqqan. U 2022 yilda “Uimbldon”, 2026 yilda esa “Australian Open” turnirida chempion bo‘lgan. Shuningdek, Ribakina 2025 yilda WTA Finals musobaqasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

28 yoshli Sobolenko esa 2024 yil oktyabr oyidan buyon WTA reytingida yetakchilik qilib kelayotgandi. Belaruslik tennischi yakkalik bahslarda 24 ta titulni qo‘lga kiritgan.

Sobolenko “Katta dubulg‘a” turkumidagi yakkalik bahslarida to‘rt marta – “Australian Open”da 2023 va 2024 yillarda, “US Open”da esa 2024 va 2025 yillarda chempion bo‘lgan. Juftlik bahslarida ham u 2019 yilda “US Open”, 2021 yilda “Australian Open” turnirida g‘olib chiqqan. Mazkur final Sobolenko uchun “US Open”dagi ketma-ket to‘rtinchi final bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, “US Open” mavsumdagi so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri hisoblanadi. Bu yilgi musobaqa joriy yilning 13 sentyabr kuni yakunlanadi. Sobolenko amaldagi chempion hisoblanadi. Turnirning sovrin jamg‘armasi rekord darajadagi 108 million dollarni tashkil etadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing