Ayol kishini uyidan majburlab olib chiqayotgan IIO xodimlari ustidan prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda
Jamiyat
−
19 Sentabr 2022
16815Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimlari ayol kishini yashash uyidan majburlab olib chiqayotgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Ichki ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Unda yozilishicha, xodimlarning harakati yuzasidan prokuratura tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Ammo xodimlar sud qarorini bajarayotgan bo‘lgan.
IIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 10 avgust kuni N.B. va Z.A. Shayxontohur tumani Jangoh mavzesida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan o‘zaro janjallashib, jamoat tartibini buzgan. Holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida fuqaro N.B. chaqirilgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimining IIBga ko‘rsatilgan muddatda kelish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarmagan.
“Yuqoridagi holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va ko‘rib chiqishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga taqdim etilgan”, deyiladi IIV xabarida.
Lekin, bir necha marotaba sud tomonidan chaqirtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro N.B. sababsiz sud majlisiga kelmagani sababli uni majburiy keltirish qarori chiqarilgan va IIO xodimlari qaror talabini bajarish uchun 9 sentyabr kuni ayolning yashash xonadoniga kelgan. Ayol xodimlarga faol tarzda qarshilik ko‘rsatgani uchun majburiy tartibda sudga olib ketilgan hamda bu holat videoda aks etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan fuqarolar N.B. va Z.A.ga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, IIO xodimlari chaqiruv bo‘yicha kelishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni majburiy keltirish to‘g‘risidagi sud ajrimlarini, prokurorning, tergovchining, surishtiruvchining va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsning qarorlarini bajarish majburiyatiga ega.
Shuningdek ular, ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun kuch ishlatish huquqiga ham ega hisoblanadi.
Biroq, jismoniy kuch ishlatilishi shaxslarning xatti-harakatlari xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Qonunga ko‘ra, Jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qo‘llanilganligi natijasida shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida ichki ishlar organlari prokurorga darhol xabar berishi shart.
LiveBarchasi