Aybiga iqror bo‘lib O‘zbekistonga qaytgan terrorchi avf etildi

Jamiyat

image

Farg‘onada diniy ekstremistik oqimga kirib qolgan, bir necha yillar davomida chet ellarda yurib, chin dildan pushaymon bo‘lib O‘zbekistonga qaytgan shaxsga sud tomonidan jazo tayinlandi.

Viloyatning Beshariq tumanida tug‘ilgan Ilyos Hakimov 2010-2013 yillarda Beshariq tumanida Muydin Maxsudov tomonidan tashkil qilingan “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqim jamoatida ishtirok etib, ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan.

Bundan tashqari, u internet ijtimoiy tarmog‘ida har xil diniy mazmundagi jihod qilish, shahid bo‘lish va jannatga tushishga da’vat etuvchi ma’ruzalarni eshitib yurib, diniy aqidaparastlikka berilgan. Uni shu tumandan bo‘lgan “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi a’zosi, Suriya davlatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun odam yollash bilan shug‘ullanuvchi Xayrullo Isoqov internet orqali Suriya davlatiga borish va jihod qilishga ko‘ndirgan. Ilyos ularning aldovlariga uchdi, ongi zaharlanib, jinoyat yo‘liga kirdi. Diniy oqimning buzg‘unchi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, jihod qilish uchun Suriya davlatiga borishni rejalashtirdi.

U 2014 yil fevral oyida Rossiya Federatsiyasi orqali Ukraina davlatiga oila a’zolari bilan borgan. U yerda X. Isoqovning tanishi “Farrux” ismli shaxs uni kutib olib, uy joy bilan ta’minlagan. Yo‘l harajatlari uchun X.Isoqov 1500 AQSH dollari yuborganidan keyin u turmush o‘rtog‘i Sh. Mahmudova va bir yoshli farzandi bilan Turkiyaning Istambul shahriga borgan. Ularni X.Isoqov kutib olib, oldindan tayyorlangan kvartiraga joylashtirgan.

2014 yilning mart oyida X.Isoqov bilan Istambul shahridan Suriya davlatiga avtobus orqali ketayotganida maxsus xizmat xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Muhojirlar saqlanadigan muassasaga vaqtincha saqlovga olingan. U shu yerda Suriyaga borganlar bilan gaplashib, vaziyatni bilgach, adashganini tushunib yetadi.

Ilyos Hakimov o‘tgan davrda boshidan juda ko‘p og‘ir kunlarni o‘tkazdi. O‘zbekistonga qaytishdan qo‘rqib, Turkiya, Ukraina davlatlarida sarson-sargardon kezdi. O‘zbekistonda o‘ziga o‘xshab adashib qolganlarni kechirilayotganini eshitib, qaytish choralarini izlaydi. 2019 yil yanvar oyi boshida internet tarmog‘i orqali O‘zbekiston Respublikasi DXX rasmiy saytiga kechirim so‘rab murojaat qildi hamda yurtimizga qaytib keldi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tumani sudi tomonidan Ilyos Hakimovning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Unga jazo tayinlashda qilmishidan chin dildan pushaymonligi, aybiga to‘liq iqrorligi, Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etmaganligi, kechirim so‘rab murojaat qilganligi kabi holatlar inobatga olindi. Unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat

Baholaganlar

101

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing