Avval ogohlantirgandik – TIV Samarada to‘plangan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi Samara viloyatidagi Qozog‘iston chegarasi yaqinida to‘plangan o‘zbekistonliklarga murojaat yo‘lladi. Bu haqda vazirlik bugun 25 may kuni ma’lum qildi.

“Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari rejalashtirilmagan va kelishilmagan tadbirlarni o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida avval ogohlantirilganliklariga qaramasdan Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali vatanga qaytish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning Rossiya-Qozog‘iston chegarasi yaqinida Samara viloyatida to‘planishi davom etmoqda.

Shu munosabat bilan takroran ma’lum qilamizki, 2020-yilning 18 va 19-may kunlari Rossiya-Qozog‘iston chegarasi orqali vatandoshlarimizning O‘zbekistonga olib ketilishi istisno tariqasida va diplomatik vakolatxonalarning avvaldan shakllantirgan ro‘yxati asnosida Rossiya va Qozog‘iston tomonlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan edi. Qo‘shimcha ro‘yxatlar tuzilishi ko‘zda tutilmagan.

Ogohlantirishlarimizga qaramay, 280 taga yaqin fuqarolarimiz Rossiya-Qozog‘iston chegarasi oldida to‘planmoqdalar. O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Samara viloyati Hukumati ushbu fuqarolarni sanoat ob’ektlarida ish, yotoq joy va oziq-ovqat bilan ta’minlashga tayyorligini bildirgan. Ammo to‘plangan vatandoshlarimizdan faqat 25 tasi ushbu taklifni qabul qilgan bo‘lsa, qolganlari hamon Bolshaya Chernigovka tumani hududida qolmoqdalar. Ishga joylashishni istamagan va chegara yaqinida qolayotgan vatandoshlarimizni o‘zlarining vaqtincha/doimiy yashash joylariga qaytishlarini hamda charter reyslarini kutishlarini so‘rab qolamiz.

Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish nuqtalariga borishga urinmasliklarini, yashash joylarida qolishlarini va karantin choralariga qat’iy amal qilishlarini so‘raymiz“, deyiladi murojaatda.

 

Maqola muallifi

Teglar

Tashqi ishlar vazirligi Samara

Baholaganlar

171

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing