Avtoterrorizm. Go‘rga kirgan go‘daklar

Tahlil

2024 yilning o‘tgan besh oyida O‘zbekistondagi 65 nafar o‘quvchi YTH oqibatida vafot etgan. YTHga uchrab vafot etmaganlarning qanchasi qo‘lsiz, oyoqsiz, ko‘rmay yo eshitmay qolgan.

JSSTning ma’lumotlariga ko‘ra, har daqiqada dunyo miqyosida yuzlab YTH sodir bo‘ladi. Oqibatda har yili 1 mln 190 ming nafar inson hayotdan ko‘z yumadi, 5-14 yoshli bolalar o‘limining asosiy sababi esa aynan yo‘l-transport hodisasi bo‘lib, har kuni 1000 dan ortiq murg‘aklarning o‘limiga olib kelarkan. Tezlikni oshirib harakatlanadigan haydovchilarni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “avtoterroristlar” deb atamoqda. Bugun begunoh bolalarning umriga zomin bo‘lib, qanchadan qancha oilalarga kulfat olib kelgan “avtoterroristlar”, e’tiborsizligi tufayli farzandi o‘limga sababchi bo‘lib qolayotgan ota-onalar, shuningdek, ularning o‘limida yaxshigina hissasi bor davlat mas’ullari haqida gaplashamiz.

Ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak, Twitter ijtimoiy tarmog‘ida #qachongacha heshtegi ostida “O‘zbekiston yo‘llarida bolalar halok bo‘lmoqda” mazmunidagi rasmlar tarqalmoqda. Haydovchilarning katta tezlikda mashina boshqarishi va bee’tiborligi sabab bolalarning o‘limi ko‘paymoqda.

Joriy yilning 1 iyul kuni Navoiyda sodir bo‘lgan dahshatli yo‘l-transport hodisasi oqibatida 8 yoshli qiz halok bo‘ldi.

1 iyul kuni BYD Song avtomobilini boshqarib borayotgan shaxs o‘ziga tanish bo‘lmagan fuqaro bilan katta ko‘chada poyga o‘ynagan. Ular yo‘lning tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga yetganda yo‘lni kesib o‘tayotgan 8 yoshli piyodani dastlab, birinchi avtomobil turtib, so‘ngra ikkinchi haydovchi bosib o‘tgan.

Oqibatda 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan. O‘sha kuni holat yuzasidan haydovchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular 4 iyul kuni ushlanib, 5 iyulda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ta’kidlanishicha, haydovchilardan biri so‘nggi bir yil davomida 12 marotaba tezlikni oshirish, 1 marotaba yo‘l chizig‘i talablariga rioya qilmaslik qoidabuzarliklarini sodir etgan.

E’tiborlisi, YTH sodir bo‘lgan piyodalar o‘tish joyida tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan tugmali svetofor qurilmasini o‘rnatish dasturga 2024 yil I chorak yakuniga qadar kiritilgan. Biroq mablag‘ vaqtida ajratilmagani sababli hozirgacha o‘rnatilmagan.

Bu holat ko‘pchilikni dahshatga soldi. Tarmoq foydalanuvchilari tomonidan avtomobillarni belgilangan tezlikdan oshirmay haydashga chaqiruvlar boshlandi. Ko‘pchilik 8 yashar qizaloqning YTH oqibatida o‘lganini hazm qilib ulgurmay, 8 iyul kuni Andijon shahar O‘zbekiston ko‘chasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘lagida Cobalt avtomobili haydovchisi 10 yoshli qizchani urib yubordi.

Qayd etilishicha, holat Andijon shahar O‘zbekiston ko‘chasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘lagida sodir bo‘lgan. 1999 yilda tug‘ilgan haydovchi o‘zining mashinasida harakatlanib kelayotgan vaqtida yo‘lni kesib o‘tayotgan 10 yoshli piyodani urib yuborgan. Oqibatda qizcha tan jarohati olib shahar shifoxonasiga yotqizilgan. Aytilishicha, holat yuzasidan hozirda dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan tergov o‘tkazilib, jinoyat ishi ochiladimi, avtomobil egalari yillab qamoqqa mahkum qilinadimi, endi kech. Yo‘llarda sodir bo‘layotgan YTHlari bir oilani farzandidan judo qilyapti. Tartibga solinmagan yo‘llar, o‘pkasini bosa olmaydigan haydovchilar sabab bir kunda yuzlab begunohlar vafot etyapti.

Ko‘chaga chiqqan bolalar uyiga emas, to‘g‘ri mozorga ketyapti. Jamoatchilik yo‘l qoidalarini qayta-qayta buzgan haydovchilarning transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilishini talab qilmoqda.

Yaqinda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarini tahlil qildi. Unda 2024 yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgani, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgani aniqlangan.

2023 yilning o‘zida 2282 nafar fuqaro yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan. Ushbu holatlar asosan katta tezlikda harakatlanish, yo‘l qoidasiga amal qilmaslik oqibatida sodir etilgan.

Hodisalarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, ularning 57 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hamda 43 foizi haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir etilgani ma’lum bo‘lgan.

Oshkor etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bog‘liq holatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9 548 tasi transport qatnovi ko‘p hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emas, tegishli svetoforlar o‘rnatilmagan.

2023 yil va 2024 yilning 5 oyi davomida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mas’ul xodimlari tomonidan yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq qariyb 11 ming kamchiliklar aniqlangan bo‘lib, ularni bartaraf etish yuzasidan avtomobil yo‘llari egalariga jami 5 yarim mingta yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritilgan.

Yuqorida aytganimiz holat bor-yo‘g‘i OAVda e’lon qilinganlari. Bundan tashqari, har kuni dahshatli YTHlarga guvoh bo‘lamiz. Bir necha kun oldin Angrenda ayol Equinox avtomobilini 157 km/s tezlikda haydab, buni Instagram sahifasiga joylagan. Tarmoq foydalanuvchilari haydovchi ayolga yo‘llardagi bolalar o‘limini eslatganda, haydovchi ayol o‘lgan bolalarning taqdiri “onasining qornida yozib bo‘linganini” aytgandi. O‘shanda tarmoq foydalanuvchilari bu ayolni “ayol terrorchi” deb atadi.

Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram sahifasida hukumat jabr ko‘rayotgan fuqarolar bilan hisoblashishi kerakligini eslatib, YTHlar ko‘payganini urg‘ulagan.

“Navoiydagi voqeani ijtimoiy tarmoqlarda o‘qigan, ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. 8 yoshli qizaloqni piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotganda tezlikda o‘zaro poygalashgan 2 ta mashina urib yuboribdi, bittasi ustidan bosib ketganga ham o‘xshadi. Dilingizni xira qilmaslik uchun videosini joylab o‘tirmayman. Afsuski, bunaqa holatlarni keskin kamaytira olmayapmiz, chunki buni chin dildan xohlab, harakat qiladigan mardlar topilmayapti. Yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashga oid jiddiy choralar ko‘rish paytida shu soha tepasidagi mas’ullar ham, hukumat vakillari ham ijtimoiy tarmoqdagi “avtoterrorist”larning oh-vohidan xavotir oladi va qo‘rqqanidan ular bilan hisoblashadi.

Aslida esa hukumat shahar ichida 170 tezlikda yuradigan “avtoterrorist”lar bilan emas, aksincha qoidabuzarlar tufayli farzandini, ota-onasini va boshqa jigarlarini yo‘qotgan fuqarolar bilan hisoblashishi kerak edi. Ularning dardini eshitishi va boshqa qaytarilmasligi uchun keskin choralar ko‘rishi shart edi. Afsuski, bizda unday emas. Ming afsus”, deydi bloger.

Esingizda bo‘lsa, 2022 yil 1 dekabrdan yo‘llarda qoidabuzarlik uchun jarima ballarni hisoblash test rejimida boshlangani, agar haydovchi tomonidan 12 oy davomida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballarining umumiy miqdori 12 balldan oshsa, u transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinishi aytildi. Biroq mana oradan 1 yarim yil o‘tdi hamki, bu tizim amaliyotga joriy etilmadi. Deputatlar bu qonunni ma’qullab Senatga yuborgan, ammo hozirgacha bu hujjatning Senatdan daragi chiqqanicha yo‘q.

Joriy yilning 24 aprel kuni sobiq deputat Rasul Kusherbayev ham yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini tezroq ishga tushirish zarurligi haqida yozgan.

“Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimi”ni tezroq ishga tushirish zarur. 

Ichki ishlar vazirligi va boshqa mas’ullar ushbu tizimni ishga tushirish bo‘yicha qonun loyihasiga boshqa masalalarni(tasvirga olib tarqatganlik uchun jazo) aralashtirishmaganida qonun allaqachon qabul qilingan bo‘lardi.

Bugun idoraviy, shaxsiy manfaatlar ko‘plab haydovchilikka nomunosib shaxslarning rul boshqaruvida qolishi va insonlarning halok bo‘lishiga olib kelmoqda. Yo‘llarda siz-u bizning farzandlarimiz, yaqinlarimiz yoki o‘zimizni bosib o‘ldirishga tayyor potensial qotillar ko‘p. Ularni haydovchilik huquqidan mahrum qilib, avtomobil boshqaruviga yaqinlashtirmaslik choralari ko‘rilmasa, ertaga hammaning boshiga yetishadi”, deydi Rasul Kusherbayev.

Keyinchalik u YTHda o‘layotgan bolalar yuzasidan yana bir post qoldirdi. Unda “Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tugatilishi kerakligi, bu xizmat va uning rahbariyati o‘zini oqlamagani haqida fikrlar yangramoqda.

“Bu gaplarda o‘ziga yarasha asoslar bor, albatta. Rostdan ham, tinchlik sharoitida hech bo‘lmasa bolalarni yo‘llardagi o‘limdan saqlab qola olmayapmiz. 

Biroq hozirgi yondashuvdan kelib chiqilsa, bu boradagi dadil qadamlar qaysidir kattakonning farzandini ham yo‘lda avtoteroristlar bosib ketganidagina boshlanishi mumkin. Shunda sohada alohida guruhlar emas, oddiy odamlar manfaati uchun haqiqiy harakatlarga kirishiladi. Ungacha yo‘llarda o‘layotgan oddiy odamlarning bolasi – begona,” deydi Rasul Kusherbayev.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova esa qonunchilikda belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun hech qanday ikkilanishsiz transport vositasini boshqarish huquqidan uch yil muddatga mahrum qilish taklifini bildirdi.

Ya’ni shahar ichida tezlik 60 etib belgilangan bo‘lsa, 100 tezlikda yuradigan “shovvoz” haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishi shart. Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, haydovchilarning belgilangan harakat tezligi atiga 20 km dan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida jarima solishga, 40 km dan ortiq kattalikda oshirib yuborib BHMning 9 baravari (3 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarima solinishga, 40 km dan ortiq kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanishi. 1 yil davomida takrorlansa, transport vositasini boshqarish huquqidan 2 yil muddatga mahrum qilinib, BHMning 25 baravari (8 mln 500 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shu orada yana bir gapga e’tiboringizni qaratsak, so‘nggi vaqtlarda “ommaviy axborot vositalari qo‘rqinchli, vahimali xabarlarni e’lon qilyapti” degan gaplar ko‘paygan.

Odatda o‘lganlar, jarohat olganlar, jabr ko‘rganlar haqidagi xabarlarni o‘qiymiz, raqamlarni eshitamiz-ku, shunchaki o‘tib ketamiz. Bu voqealar aks etgan videolarni tomosha qilganda esa sergak tortishni boshlaymiz.

YTHlar ko‘paygani haqida har qancha gapirilmasin, tanqid qilinmasin, jinoyat ishlari ochilmasin, YTHning sabablari bilan ishlanmasa, uni to‘xtatish, kamaytirish mushkul ish.

2023 yilda avvalgi yillarga nisbatan YTHlar soni 3 foizga, bolalar o‘limi 20,9 foizga oshgan.  

Albatta, bunda bir kishi aybdor emas. Hamma o‘z vazifasini vaqtida bajarishi juda muhim. Ota-onalar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari bilishlari va farzandlariga o‘rgatishlari, yo‘llarning tartibga solingani, umumiy o‘rta ta’lim maktablari oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud bo‘lishi, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mas’ul xodimlari tomonidan yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar hal etilishi va haydovchilarning qoidalarga amal qilishi juda muhim.
 


Maqola muallifi

Teglar

YTH Avtoterrorizm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing