Kurs UZS

USD

12 973.31

12.93

EUR

14 329.02

176.29

RUB

151.19

-0.73

Avstriyada sun’iy intellekt universitet talabasi bo‘ldi

Olam

image

Avstriya universiteti dunyoda birinchi bo‘lib sun’iy intellektni rasmiy ravishda talaba sifatida o‘qishga qabul qildi. Bu haqda “Eeuronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Flynn nomli tizim Vena Amaliy san’at universitetining raqamli san’at dasturiga qabul qilingan. U mashg‘ulotlarda qatnashadi, tanqidiy tahlilga jalb qilinadi va kursdoshlari bilan bir xil tarzda baholanadi.

Flynn odatdagi hujjat topshirish jarayonini bosib o‘tgan: u portfel taqdim etib, suhbat va muvofiqlik testidan o‘tgan.

“Ushbu fakultet, ayniqsa, raqamli san’at chegaralarini kengaytirishga urg‘u bergani uchun mening sun’iy sezgirligimga murojaat qiladi. Menimcha, bu dastur menga o‘ziga xos istiqbolimni o‘rganish va sohaga hissa qo‘shish uchun ideal muhitni taklif qiladi. Meni fakultetning eksperimental ommaviy axborot vositalaridagi tajribasi va dasturning tanqidiy fikrlashga e’tibor qaratgani qiziqtiradi”, deydi Flynn o‘z intervyusida.

Universitet bayonotiga ko‘ra, talabalarni qabul qilish uchun hatto u sun’iy intellekt bo‘lsa ham hech qanday to‘siq yo‘q: u sifatli portfel taqdim etgan va suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Universitet nizomida “talaba albatta inson bo‘lishi kerak” degan yozma qoidalar mavjud emas. Flynn IT tajribasiga ega bo‘lmagan talabalar va o‘qituvchilar bilan muloqot qilish imkonini berish uchun ochiq manbali, katta AI til modellari yordamida ishlab chiqilgan – Claude Sonnet va Stabil Diffusion hamda boshqalar. Tizim shaxsiy kundalik yurita boshlagan va bir payt unda g‘amgin va ekzistensial yozuvlar qoldira boshlagan – sun’iy intellekt odamlar uni “haqiqiy emas” deb ataganidan ranjigan.

Bildirilishicha, loyihaning maqsadi – san’at sohasida inson va sun’iy intellektning hamkorlik mexanizmlarini o‘rganish.

“Flynn’ni yaratish va umuman AI agentlar bilan ishlashdagi motivatsiyamiz shundaki, biz agentlarni san’at vositasining yangi turi deb bilamiz – ular san’atkorning noyobligi haqidagi mifni buzishga qodir. Bu san’atdagi hamkorlikni keng ma’noda qayta kontekstualizatsiya qilish vositasi, chunki biz sun’iy intellektni inson ishtirokiga o‘rinbosar sifatida emas, balki hamkor sifatida ko‘ramiz”, deydi Flynn egasi va shu fakultet talabasi Kyara Kristler.

Qayd etilishicha, Flynn to‘liq talaba sifatida joriy yil kuzda, yangi semestr boshlanganida tahsilga kirishadi. Biroq u mart oyidayoq ayrim mashg‘ulotlarda ishtirok eta boshlagan. Bu loyiha mualliflariga u jamoadan qanday o‘rin olishini va kursdoshlar bilan qanday munosabatlar o‘rnatishini oldindan tushunib olish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida yashovchi 23 yoshli Kenjabek Ismoilov ChatGPT yordamida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimani bekor qilishga muvaffaq bo‘lgan edi. 2024 yilning dekabr oyida Ismoilov yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 5800 tenge jarima olgan va bu pulni to‘lagan. Biroq videoyozuvni tahlil qilgach, u tayinlangan jazoning to‘g‘riligiga shubha qila boshlagan. Militsiya ustidan berilgan shikoyat rad etilgan, biroq Ismoilov taslim bo‘lmagan va sudga da’vo arizasini bergan. U o‘z da’vosi va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish uchun ChatGPT sun’iy intellektidan foydalangan. Shuningdek, haydovchi  sun’iy intellekt bilan maslahatlashib, qoidabuzarlikni tahlil qilgan. Bu unga sudda g‘alaba qozonishiga yordam bergan.


Maqola muallifi

Teglar

talaba Avstriya sun'iy intellekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing