Avstraliyada inson jasadini kompostga aylantirish qonuniylashtirildi

Olam

−

image

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatida vafot etgan inson jasadini maxsus usulda tuproqqa aylantirish qonuniylashtirildi. Tegishli qonun loyihasi kecha, 21 oktyabr kuni shtat parlamentining yuqori palatasidan o‘tdi. Bu haqda “The Sydney Morning Herald” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, inson jasadini kompostga aylantirish jarayoni qonunchilikda “terramatsiya” deb ataladi. Ushbu usuldan foydalanish uchun maxsus jihozlangan inshootlar tashkil etiladi. Yangi tartib asosida jarayonni 2028 yildan boshlash rejalashtirilgan.

Terramatsiya jarayonida inson jasadi beda, pichan va yog‘och qipig‘i kabi organik o‘simlik materiallari solingan maxsus idishga joylashtiriladi. Idish ichidagi harorat bir necha kun davomida oshirilib, jasad va o‘simlik materiallarining parchalanishiga sharoit yaratiladi.

Kamida bir oy o‘tgach, jasadning katta qismi parchalanadi, suyaklar va tibbiy implantlar esa ajratib olinadi. Suyaklar maydalangach, aralashmaga qaytariladi. Yana bir necha hafta davomida saqlanganidan so‘ng hosil bo‘lgan kompost qoplarga yoki maxsus idishlarga joylanib, marhumning yaqinlariga beriladi. Ular kompostni daraxtlar atrofiga sepishi yoki bog‘lar va tabiatni muhofaza qilish loyihalariga topshirishi mumkin.

Qonun loyihasini mustaqil deputat Aleks Grinvich ilgari surgan. Hujjatga ko‘ra, insonni uning xohishiga qarshi ravishda kompostga aylantirish mumkin emas.

Parlamentdagi muhokamalar davomida bir necha deputat vafotidan keyin o‘z jasadining ham shu usulda qayta ishlanishini istashini bildirgan. Ayrim qonunchilar esa kompostdan keyin hosil bo‘lgan tuproqdan qanday foydalanish masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarurligini ta’kidlagan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, terramatsiya Germaniyaning bir hududida va AQSHning 14 shtatida qonuniy hisoblanadi. Yangi Janubiy Uelsda esa ushbu usulni joriy etish bo‘yicha qoidalar kelgusi ikki yil davomida ishlab chiqiladi.

Shtat parlamenti vakillarining ta’kidlashicha, terramatsiya inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavfsizligini tekshirishga qaratilgan ilmiy sinovlardan o‘tgan. Ushbu usul krematsiya va an’anaviy dafn marosimlariga muqobil variant sifatida taklif etilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing