Avstraliyada ilk bor qush grippi aniqlandi
Olam
−
12:17 526 2 daqiqa
Avstraliya hukumati mamlakatda H5N1 qush grippi shtammining birinchi marta aniqlanganini tasdiqladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Kasallik G‘arbiy Avstraliyaning uzoq hududida, Cape Le Grand milliy bog‘i yaqinida topilgan jigarrang skua nomli ko‘chib yuruvchi dengiz qushida aniqlangan. Qush Esperans shahri yaqinidagi plyajda topilgan bo‘lib, u Pert shahridan taxminan 700 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
Avstraliya avval H5N1 aniqlanmagan so‘nggi qit’a bo‘lib kelgan edi. Endi bu holat tasdiqlanishi bilan virus global miqyosda barcha qit’alarga tarqalgan hisoblanadi. Rasmiylar bu shtamm qushlar va parrandalar orasida juda tez tarqalishini, insonlarda esa kasallanish holatlari kam uchrashini ta’kidlamoqda.
“Biz parranda grippidan butunlay xoli bo‘la olmasligimizni bilardik”, deydi Qishloq xo‘jaligi vaziri Juli Kollinz.
Shuningdek, Esperans hududida yana bir gumon qilingan holat qayd etilgan. Holdan toygan holda topilgan janubiy petrel qushi ham laboratoriyada tekshirilmoqda. Hozircha ommaviy qushlar o‘limi aniqlanmagan.
Mutaxassislar yaqin kunlarda virus boshqa hayvon populyatsiyalariga tarqalgan-tarqalmaganini aniqlash uchun tekshiruvlar yakunlanishini bildirgan. Rasmiylar favqulodda hayvon kasalliklariga qarshi markaziy qo‘mita allaqachon ishga tushganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, H5N1– bu qush grippi virusining turi bo‘lib, asosan parrandalar va yovvoyi qushlarda uchraydi. U juda yuqumli va ayrim holatlarda o‘ta xavfli hisoblanadi. Odamlarga ham yuqishi mumkin, lekin bu kam uchraydi va ko‘pincha kasal qushlar bilan bevosita yaqin kontakt bo‘lganda, masalan ularni ushlash, so‘yish yoki parvarish qilish jarayonida yuz beradi. Odamda yuqsa, odatda yuqori isitma, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, nafas qisishi kabi alomatlar paydo bo‘ladi, og‘ir holatlarda esa o‘pka yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin. Muhim jihati shundaki, H5N1 odamdan odamga oson tarqalmaydi, lekin mutatsiyaga uchrasa xavfi oshishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning Aomori prefekturasida parranda grippi avj olgani sababli 230 ming bosh tovuq yo‘q qilinishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi