Avstraliyada boshida oyoqlari bor buzoqcha tug‘ildi
Bu qiziq
−
16:37 645 4 daqiqa
Avstraliyaning Kvinslend shtatida juda noodatiy tug‘ma anomaliyaga ega buzoqcha dunyoga keldi – uning boshidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ikkita qo‘shimcha oyoq o‘sib chiqqan. Bu haqda joriy yilning 10 oktyabr kuni ABC News xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ushbu noyob holat veterinarlar oldiga jiddiy savol qo‘ygan: hayvonga normal yashash uchun imkoniyat berish kerakmi yoki uni evtanaziya qilgan ma’qulmi? Yakunda mutaxassislar operatsiya qilishga qaror qilgan va Spayder laqabli buzoqcha muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan.

Spayderning hikoyasi veterinarlarning e’tiborini aynan qo‘shimcha a’zolarning noodatiy joylashgani bilan o‘ziga tortgan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yirik shoxli mollarda bu kabi tug‘ma anomaliyalar fanga ma’lum, biroq ortiqcha oyoqlar bevosita bosh sohasida shakllangan bunday holat shunchalik noyobki, hatto tajribali veterinar ham o‘z karerasi davomida bunday holatga duch kelmagan.
Sidney universiteti Veterinariya fanlari maktabi xodimi Imke Tammenning aytishicha, hozircha buzoqchada qo‘shimcha oyoqlar nima sababdan shakllanganini aniq aytib bo‘lmaydi. Mutaxassislar buning sabablaridan biri sifatida egizak parazitlar fenomenini ko‘rsatmoqda.
Gap embrional rivojlanishning eng dastlabki bosqichlaridayoq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan buzilish haqida bormoqda. Ma’lum bir paytda egizaklardan birining murtagi kamroq rivojlangan embrionni yutib yuborishi mumkin. Bunda ikkinchi egizakning to‘qimalari va tana qismlari birinchisining organizmi ichida qisman yoki to‘liq saqlanib qolishga qodir.

Aynan shunday mexanizm Spayderda qo‘shimcha a’zolar paydo bo‘lishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin, biroq Tammen yakuniy xulosa chiqarishga hali erta ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu noodatiy anomaliyaning boshqacha izohlari ham mavjud.
Ba’zida hayvon organizmining shakllanish jarayonida mutaxassislar oldindan bashorat qila olmaydigan buzilishlar yuz beradi. Tammenning aytishicha, hayvonning rivojlanishida ba’zan “nimadir noto‘g‘ri ketadi” va bu turli tug‘ma anomaliyalarga, jumladan, qo‘shimcha oyoqlar paydo bo‘lishiga olib keladi.
Shu bilan birga, bunday holatlar har doim ham aynan embrional rivojlanishning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lavermaydi. Yirik shoxli mollarning ayrim zotlarida qo‘shimcha oyoqlar irsiy genetik kasalliklar tufayli ham paydo bo‘lishi mumkin. Olimlarga bunday anomaliyalarning shakllanishi bilan bog‘liq ayrim genetik mutatsiyalar allaqachon ma’lum.
Mutaxassislar bunday holatlarning qanchalik keng tarqalganini hozircha aniq ayta olmaydi. Tadqiqotchilar yirik shoxli mollar orasida qo‘shimcha oyoqlarga ega hayvonlar qanchalik tez-tez tug‘ilishi haqida ishonchli ma’lumotlarga ega emas. Bu, jumladan, ko‘plab shu kabi holatlar sezilmay qolishi yoki ilmiy statistikada qayd etilmasligi bilan bog‘liq.
Biroq Spayderning hodisasi hatto shunday noyob anomaliyalar orasida ham ajralib turadi. G‘unajinning eng asosiy xususiyati shundaki, ikkita qo‘shimcha oyoq tanadan emas, balki to‘g‘rida to‘g‘ri uning boshidan o‘sib chiqqan.
Veterinar Megan Smit o‘zining 20 yillik kasbiy faoliyati davomida hech qachon bunday holatga duch kelmaganini aytgan. Mutaxassislar uchun bu jiddiy sinov bo‘lgan, chunki ular nafaqat hayvonning holatini baholashi, balki uning kelajakda normal rivojlana olishi mumkinligini ham tushunishlari kerak bo‘lgan.
Dastlab egalari Spayderni evtanaziya qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqqan. Hayvonning noodatiy holati va uning ulg‘ayishi sari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan potensial muammolar tufayli bunday qaror mantiqan to‘g‘ri ko‘rinishi mumkin. Biroq veterinar buzoqchadan voz kechmaslikni va ortiqcha oyoqlarni jarrohlik yo‘li bilan olib tashishga urinib ko‘rishni taklif qilgan.
Agar Spayder boshidagi qo‘shimcha oyoqlar bilan o‘sishda davom etganida, ular jiddiy jismoniy qiyinchiliklarni keltirib chiqargan bo‘lardi. Xususan, ortiqcha a’zolar hayvonning muvozanatni saqlash qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Shuning uchun veterinarlar hayvon hali yoshligidayoq operatsiya qilib, anomaliyani bartaraf etishga qaror qilgan.
Jarrohlik amaliyoti taxminan 90 daqiqa davom etgan. Holatning noodatiyligiga qaramay, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan. Muolajadan so‘ng Spayder tezda sog‘ayib ketgan va shundan keyingina onasining oldiga qaytarilgan.
Shu tariqa, avstraliyalik buzoqchaning tarixi egalari dastval qo‘rqqanidek evtanaziya bilan emas, balki muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti bilan yakunlangan. Endi Spayder qo‘shimcha ikkita oyoqsiz holda onasi bilan birga ulg‘ayishi va rivojlanish imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida bir ko‘zli uloqcha tug‘ilgan edi. Ushbu uloqchada hayvonlarda juda kam uchraydigan tug‘ma anomaliya aniqlangan. Qozog‘istonlik cho‘ponlardan birining podasida tug‘ilgan echki bolasida bitta markazlashgan ko‘z mavjud bo‘lib, u “siklop” holati sifatida baholanmoqda. Eng e’tiborlisi, ushbu yagona ko‘z ichida ikkita qorachiq shakllangani kuzatilgan.
Live
Barchasi