Avstraliyada 17 yoshli qiz akula hujumida halok bo‘ldi
Olam
−
04 fevral
7769Avstraliyadagi plyaj yaqinida akula hujumi oqibatida 17 yoshli qiz halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea kecha, 3 fevral kuni kunduzi Bribi orolidagi plyajda sodir bo‘lgan. 17 yoshli qiz qirg‘oqdan taxminan 100 metr masofada suzayotganda akula hujumiga uchragan va hayot uchun xavfli jarohat olgan.
Qizning qo‘li va tanasining yuqori qismiga jarohat yetkazilgani aytilmoqda. Favqulodda xizmatlarning sa’y-harakatlariga qaramay, uni qutqarishning iloji bo‘lmagan. Taxminlarga ko‘ra, voqea sodir bo‘lganida 17 yoshli o‘smirning do‘stlari plyajda bo‘lgan.
Guvoh Kris Potterning “Courier-Mail” nashriga ma’lum qilishicha, suvdan chiyillash ovozini eshitgan odamlar dastlab qizni “oqim olib ketgan” deb o‘ylashgan. Fojia sodir bo‘lgan plyaj orolning sharqiy tomonida joylashgan va syorfing uchun mashhur joy hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Misrning Xurgada shahridagi plyajda rossiyalik 23 yoshli sayyohni akula yeb qo‘ygandi. Misr dengiz fanlari va Qizil dengiz qo‘riqxonalari instituti mutaxassislari ushbu akulani mumiyolab, institut muzeyida ko‘rgazmaga qo‘ydi.
LiveBarchasi