Avstraliyada 13 yoshli qiz yuzdan ortiq jinoyatda ayblanmoqda
Olam
−
14 aprel 5109 2 daqiqa
Avstraliya sudi 13 yoshli qizga nisbatan 109 ta ayblov e’lon qildi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 30 mart kuni u Melburn janubi-sharqida o‘g‘irlangan avtomobilni boshqarib ketayotib, 45 yoshli erkakni urib yuborganlikda gumon qilinmoqda. Boshqa holatlarda esa u yo‘lovchilarga qarata antisemitik haqoratlar aytgani iddao qilinmoqda.
“Huquqiy sabablarga ko‘ra ismi oshkor etilmayotgan 13 yoshli qiz dushanba kuni voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha sudga garov evaziga ozodlikka chiqish talabi bilan keldi. Unga nisbatan 109 ta ayblov qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.
Politsiya xodimlari qizning telefonini ko‘zdan kechirib, undan “odam urib yuborganlik uchun qanday jazo beriladi” va “yahudiylar qayerda yashaydi” degan so‘rovlarni topgan. Huquq-tartibot idoralari vakillari sudlanuvchining barcha harakatlari maqsadli bo‘lganini, qizning o‘zi esa mashhurlikdan “quvvat olishini” va ijtimoiy tarmoqlarda taxminiy jinoyatlar haqidagi ma’lumotlar qancha layk yig‘ayotganini kuzatib borishini ta’kidlagan.
Mahalliy telekanal reportajiga ko‘ra, qizni sud zaliga olib kirishayotganda u kulgan. Shuningdek, qiz butun sud majlisi davomida tabassum qilib o‘tirgani qayd etilgan. ABC News xabariga ko‘ra, sudlanuvchi qonunni buzishda davom etishini bildirgan. Prokurorning hisob-kitoblariga ko‘ra, u 74 kun davomida kuniga o‘rtacha 1,45 ta jinoyat sodir etgan.
Jamiyat uchun ehtimoliy xavf tug‘dirishi sababli qizning garov evaziga ozod qilish haqidagi iltimosi rad etilgan. U uch haftadan keyin yana sud qilinadi.
Live
Barchasi