Avstraliya yangi 5 dollarlik kupyurasidan qirol Charlz tasvirini olib tashlamoqchi
Olam
−
02 fevral 2023
5365Buyuk Britaniya qiroli Charlz III tasviri Avstraliya markaziy banki tomonidan chiqarilishi rejalashtirilgan yangi banknotada aks ettirilmaydi. Bu haqda bugun, 2 fevral kuni Avstraliya markaziy zaxira banki ma’muriyati ma’lum qildi.
Bank bergan bayonotga ko‘ra, yangi dizayn mahalliy avstraliyaliklarning “madaniyati va tarixi”ga hurmatni ifoda etadi. Shuningdek, ushbu g‘oya mustamlakachilik siyosati bilan bog‘langan Avstraliya tarixi borasidagi fikrlarni o‘zgartiradi.
Besh dollarlik banknotaning hozirgi dizaynida marhum qirolicha Yelizaveta II ning tasviri aks ettirilgan. Qirolichaning vafoti esa Avstraliyaning konstitutsiyaviy monarxiya sifatidagi kelajagi borasida munozaralarni kuchaytirdi.
Xabarda aytilishicha, Avstraliya hukumati dollar kupyuralarining boshqa nominallari dizaynini o‘zgartirishni rejalashtirmayapti. Yangi besh dollarlik banknota dizayni qachon tasdiqlanishi ham hozircha belgilanmagan.
Ushbu qaror dastavval, mahalliy aborigen siyosatchilari va jamiyatlari yetakchilari tomonidan olqishlandi. Siyosatchilar ushbu tadbirlarni mamlakatni mustamlakachilik qoldiqlaridan tozalashga urinish sifatida baholashmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Avstraliya bugungi kunda Britaniya Millatlar Hamdo‘stligi a’zolaridan biridir. Mamlakat rasman ingliz hukumati bo‘ysunadi. Amalda esa ikki palatali parlament mamlakatni idora qiladi. Avstraliya 1901 yil 1 yanvarda Britaniya imperiyasidan mustaqilligini e’lon qilgan.
LiveBarchasi