Shahzoda Garri endi Bukingem saroyida qolmaydi

Olam

image

Endi Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ning kenja o‘g‘li, Susseks gersogi shahzoda Garri Londonga tashrifi chog‘ida Bukingem saroyida qolmaydi. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi. https://www.thesun.co.uk/royals/39661575/king-harry-no-palace-stay/

Qayd etilishicha, qirol avvalroq Garri, uning rafiqasi Megan Markl hamda farzandlariga Bukingem saroyidan turarjoy taklif qilgan. Ushbu taklif xavfsizlik choralarini ham o‘z ichiga olgan. Biroq saroy manbalarining bildirishicha, Shahzoda Garri taklifni belgilangan muddatda tasdiqlamagan. Shundan so‘ng unga berilgan taklif bekor qilingan. Xabarga ko‘ra, Garri dastlab saroydagi turarjoyni oilasi uchun maqbul emas deb hisoblagan va undan voz kechgan.

Keyinchalik esa Megan hamda farzandlarisiz yolg‘iz o‘zi Bukingem saroyida qolish istagini bildirgan. Biroq bu vaqtda zarur tayyorgarlik imkoniyatlari mavjud bo‘lmagani sababli uning so‘rovi rad etilgan. Shahzoda Garrining matbuot kotibi esa gersog turarjoy taklifini qabul qilganidan keyin uning bekor qilingani hafsalani pir qiluvchi holat bo‘lganini bildirib, nima sababdan bunday qaror qabul qilingani noaniqligicha qolayotganini aytgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Garri hozircha Buyuk Britaniyaga yolg‘iz kelmoqda. Uning rafiqasi Megan Markl hamda farzandlari Archi va Lilibet bu safarda ishtirok etmaydi. Bunga avvalroq Shahzoda Garrining davlat hisobidan moliyalashtiriladigan xavfsizlik xizmatini tiklash bo‘yicha sud da’vosini yutqazgani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Nashrning yozishicha, qirollik oilasi vakillari kelgusida Garri va uning oilasi Buyuk Britaniyaga tashrif buyurganida ularga qirollik qarorgohidan turarjoy ajratilishi mumkinligini istisno qilmagan.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda shahzoda Garri rasman qirollik oialsi vakili vazifalarini bajarishdan voz kechgan. Shundan so‘ng Buyuk Britaniya hukumati uni davlat himoyasidan mahrum qilgan. Garri bunga qarshi chiqib, oilasi xavfsizligini o‘z hisobidan ta’minlay olmasligini aytgan va qirollik oilasi bilan bo‘lgan nizolar tufayli xavfsizlik xavflari borligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan qirollik oilasining bosimi ostida hukumat undan himoyani olib tashlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Britaniya qiroli Charlz III ning kenja o‘g‘li shahzoda Garri qirollik oilasi bilan yarashishni istayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing