Avstraliya fojiasi. Mamlakatni yangi balolar o‘z komiga tortmoqda (foto, video)

Olam

2

Bir necha oylik o‘rmon yong‘inlari va qurg‘oqchilikdan so‘ng, sharqiy Avstraliyani yangi tabiiy ofat – kuchli yomg‘ir yog‘ishi va sel ofati o‘z komiga tortmoqda. Yog‘ayotgan yomg‘ir olovni to‘liq o‘chira olmayotgan bo‘lsada, ammo unga qarshi kurashda yordam bermoqda. O‘t o‘chiruvchilar yangi xatar – suv toshqini va ko‘chkilar haqida ogohlantirishmoqda. Ko‘ngillilar omon qolgan koalalarga yordam berishda davom etmoqda. Sportchilar Australian Open musobaqasi saralash bosqichida tutun yutib ishtirok etishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Yong‘inlardan boshqa hududlarga qaraganda eng ko‘p zarar ko‘rgan Yangi Janubiy Uels va Viktoriyada 50 millimetr yog‘ingarchilik bo‘lgan. Hozircha bu ushbu hududlardagi yong‘inlarni o‘chira olmayapti. 16 yanvar kuni ushbu ikki shtatda 80 dan oshiq joyda yong‘inlar davom etgan. Chaqmoqlar sababli Viktoriyadagi Greyt Otuey Milliy bog‘ida ikki yog‘in o‘chog‘i paydo bo‘lgan.

Yomg‘ir va kuchli bo‘ronlar hafta oxirigacha Avstraliyaning sharqida davom etishi taxmin qilinmoqda. Ammo endi yaxngi tahdid paydo bo‘ldi: barcha o‘simliklar yonib ketgan yerlarga suv toshqini va ko‘chkilar kuzatilishi mumkin.

Hayvonlarni qutqarish uchun ularga vertolyotdan ozuqa tashlanmoqda

 

Olimlar Avstraliyaning hayvonot olamiga qancha zarar yetganini hali aniqlay olishmayapti: turli xil ma’lumotlarga ko‘ra, yuz millionlab – agar baliqlar, qurbaqalar, ko‘rshapalak va hashoratlarni hisoblaganda - hatto milliardlab jonivorlar nobud bo‘lgan.

Avstraliya hukumati yovvoiy tabiatni asrash chora-tadbirlari uchun 50 million dollar ajratdi. Masalan, vallabi kengurulariga yordam berish uchun vetrolyotlardan minglab sabzavotlar – shirin kartoshka va sabzilar tashlanmoqda, koalalar esa ochdan o‘lmasligi uchun daraxtlardan tushirilib qutqarib qolinmoqda.

Kenguru orolidagi tabiat bog‘ida joylashgan vaqtincha shifoxonaga har kuni o‘nlab koalalar olib kelinmoqda. Taxminlarga ko‘ra, yong‘inlardan oldin orolda 46 ming atrofida jonivor yashagan. Tabiiy ofatdan so‘ng, ulardan faqat 9 mingi omon qolgan. Hukumat bu raqamlarni “juda halokatli” deb baholadi.

Olimlarni yong‘inlar sabab 13 turdagi hayvon turlari, shu jumladan, koala, kvokk va ingichka dumli qoya vallabilarining yo‘q bo‘lib ketishi xavfi tashvishga solmoqda. Yuqoridagi 13 ta tur ichiga janubiy korrobori qurbaqasi, tarozili asalxo‘r qushi va g‘arbiy yer to‘tisi ham kiradi.

Australian Open ishtirokchilari tutun ichida o‘yin o‘tkazishlariga to‘g‘ri kelmoqda 

Yong‘inlardan chiqqan tutun Australian Open musobaqasi saralash o‘yinlarini o‘tkazishni qiyinlashtirdi. 14 yanvar kuni sloveniyalik sportchi Dalila Yakupovich birinchi setni yotib, ikkinchisining so‘ngida kuchli yo‘taldan yerga yiqilib qoldi va o‘yinni davom ettirishdan bosh tortdi.

Xuddi shu kuni Mariya Sharapova va germaniyalik Laura Zigmendning ko‘rgazmali o‘yini ham so‘ngiga yetmay qoldi. Kanadalik Ejeni Bushar nafas olishi qiyinlashgani sabab kortni tark etgan bo‘lsa, ukrainalik Elina Svitolina tashkilotchilarni “biror ko‘ngilsiz hodisa yuz bermasi” qandaydir choralar qilishga chaqirdi. 

14 yanvarda Melburn hokimligi shahar aholisiga iloji boricha ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qildi. Shaharda ot poygalari va futbol mashg‘ulotlari ham bekor qilingan. Ammo Australian Open o‘yinlariga nisbatan bunday choralar ko‘rilmadi va ular bir soat kechikib boshlandi.

15 yanvar kuni Australian Open tashkilotchilari tutun kam bo‘lishi uchun o‘yinlarni tush vaqtida o‘tkazishni rejalashtirishdi. Ammo bahslar boshlanganidan 3,5 soat vaqt o‘tib, momaqaldiroqlar tufayli u yana qoldirildi.

 

Shu kunning o‘zida Serena Uilyams, Roje Federer va Rafael Nadal ishtirokida xayriya o‘yinlari seriyasi boshlandi. Tushgan mablag‘lar yong‘inlarga qarshi kurashishga jalb qilinadigan bo‘ldi. Xayriyada 5 million dollarga yaqin pul to‘plandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nadal hamda Federer 250 ming dollardan xayriya qilishgan.

16 yanvar kuni ob-havo yaxshilandi va saralash o‘yinlari jadvalga muvofiq o‘tkazildi. Ammo sportchilar hamon tashkilotchilarning harakatlarini muhokama qilishda davom etmoqda. Bir qator tennischilar tomonidan musobaqa tashkilotchilariga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy postlar qoldirilgan.

Shu kuni Australian Open direktori Kreyg Tayli ushbu fikrlarga javob qaytardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi tanqidiy fikrlarga havoning ifloslanganlik darajasini baholashning yo‘llari juda ko‘p ekani sabab bo‘lmoqda. U havoni baholovchi ekspertlar, shifokorlar xulosasi va boshqa ma’lumotlarga tayanib, tennischilarga o‘yin o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik haqida tavsiya berayotganini ta’kidlagan.

Tayli Australian Open musobaqasi o‘z vaqtida – 20 yanvardan boshlanib, 2 fevralda yakunlanishini ishonch bilan ta’kidladi. Zarurat tug‘ilsa, bahslar uchta yopiq arenada ham o‘tkazilishi mumkin.

Sarvar Anvar o‘g‘li


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Avstraliya

Baholaganlar

197

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing