Avstraliya Britaniya toji ostidan chiqishi mumkin
Olam
−
12 Oktabr
9548Agar Avstraliya Buyuk Britaniya toji ostidagi davlat maqomidan chiqib, mustaqil respublika deb e’lon qilinishiga qaror qilsa, qirol Charlz III bunga qarshilik qilmaydi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, kelasi haftada qirol Charlz III Avstraliyaga tashrif buyuradi. Shu munosabat bilan Avstraliya Respublikasi harakati (ARM) unga uchrashish to‘g‘risida iltimos bilan murojaat qildi. Xatda Avstraliyaning xalqaro maydonda boshqa davlatlar bilan teng maqomga ega bo‘lishi vaqti kelgani aytilgan va bu qadam aholi orasida ortib borayotgan qo‘llab-quvvatlashga ega ekani ta’kidlangan.
Nashr keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, monarx javob xatida Avstraliya respublika bo‘lish yoki qolish masalasi avstraliyaliklarning “o‘ziga havola”ligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Britaniya monarxi Avstraliya uchun hozir ham rasmiy davlat boshlig‘i hisoblanadi. Oxirgi bor 1999 yilda Avstraliyaning ushbu maqomni o‘zgartirish bo‘yicha so‘rovnomasi o‘tkazilgan edi va o‘shanda avstraliyaliklarning ko‘pchiligi (55%) Britaniya toji ostida qolishni ma’qul ko‘rgan.
“Daily Mail” bugungi vaziyatni tahlil qilib, qirolning bildirgan niyati siyosatdagi o‘zgarishlarni anglatmasligini ta’kidlaydi, biroq uning bu masalani shunday muhim safar arafasida tilga olishi mazkur masala bo‘yicha muhokamalar yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Britaniyadagi yangi elchisi Ravshan Usmonov Londonda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi qiroli Charlz III ga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
LiveBarchasi