O‘zbekiston elchisi qirol Charlzga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
17 may
2883O‘zbekistonning yangi elchisi Ravshan Usmonov kecha, 16 may kuni Londonda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi qiroli Charlz III ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Rasmiy marosimdan keyingi suhbatda qirol Charlz III O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur hurmat va iliq tilaklarini bildirgan.
"Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi dinamikasi yuqori baholandi. Keng yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mavjud salohiyatdan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi", deyiladi xabarda.
Suhbat yakunida Buyuk Britaniya qiroli O‘zbekiston elchisiga ikki tomonlama munosabatlarni yanada yaxshilash borasidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning yangi elchisi Ravshan Usmonov 2023 yilning 14 noyabr kuni Londonga yetib borgan. Bungacha u mamlakatning Malayziyadagi elchisi lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekistonning Ispaniyaga yangi tayinlangan elchisi Farrux Tursunov Madrid shahrida qirol Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
LiveBarchasi