“Australian Open”ning mukofot puli rekord darajaga yetdi
Sport
−
06 yanvar 1986 2 daqiqa
Joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan Avstraliya ochiq chempionatining sovrin jamg‘armasi rekord darajaga yetdi. Turnir tashkilotchilari umumiy mukofot puli 16 foizga oshib, 111,5 million Avstraliya dollari (taxminan 75 million AQSH dollari)ni tashkil etishini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, yilning ilk “Katta dubulg‘a” turnirida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslari g‘oliblari har biri 2,79 million AQSH dollari miqdorida mukofot pulini qo‘lga kiritadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 19 foizga yuqori hisoblanadi.
Birinchi bosqichda mag‘lub bo‘lgan tennischilar 100 750 AQSH dollari oladi. Hatto, saralash bosqichining birinchi davrasida yutqazgan ishtirokchilarga ham 27 200 AQSH dollari to‘lanadi.
Turnir direktori Kreyg Taylining ta’kidlashicha, bu qaror Avstraliyaning barcha darajadagi tennischilarga yulduzlardan tortib, endigina faoliyatini boshlayotgan tennischilargacha, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatini aks ettiradi.
“2023 yildan buyon saralash bosqichidagi mukofot pullarini 55 foizga oshirdik, shuningdek, o‘yinchilarga yaratilayotgan sharoit va imtiyozlarni kengaytirdik. Bu orqali professional tennisning barcha ishtirokchilar uchun barqaror bo‘lishini ta’minlayapmiz”, deydi Tayli.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha darajadagi sportchilarni qo‘llab-quvvatlash muxlislar uchun yanada boy iste’dodlar bazasi va qiziqarli sport syujetlarini yaratishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, “Australian Open” joriy yilning 18 yanvar kuni Melburn Parkda start oladi. Musobaqada Yannik Sinner va Medison Keys amaldagi chempionlik unvonlarini himoya qiladi.
Live
Barchasi