Ukraina rossiyaparast ayirmachilar bilan asirlar almashdi
Olam
−
30 dekabr 2019
4608Ukraina va rossiyaparast ayirmachilar ikki yilda ilk bor o‘zaro asirlar almashdi. Rasmiy Kiyev va Lugansk xalq respublikasi hamda Donetsk xalq respublikasi tuzilmalari o‘nlab asirlarni almashdi. Ularning orasida 2014 yil fevraldagi Maydon voqealarida odamlarni o‘qqa tutishda ayblanuvchi “Berkut” bo‘linmasi jangchilari ham bor.
Kecha, 29 dekabr kuni ozod qilingan ukrainaliklar chiqqan samolyot Kiyevdagi Borispol aeroportiga qo‘ngan. Yaqinlari bilan ko‘rishganidan keyin, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonaga olib borilgan.
“Biz Rossiya va kvazirespublikada asirlikdagi ukrainaliklar uyiga qaytmaguncha shu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz”, degan Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Ivan Bakanov.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va RF Prezidenti Vladimir Putin asirlarni almashish to‘g‘risida uch hafta oldin Parijda o‘tgan “Normand to‘rtligi” sammitida Germaniya va Fransiya yetakchilari guvohligida kelishuvga erishgandi.
Asirlar almashish Donbassdagi “Mayorsk” nazorat-o‘tkazuv puntkida amalga oshirildi. Rasmiy Kiyev 87 nafar asir o‘rniga 55 kishini qaytarishni rejalashtirgandi. Yakunda 124 ga 76 asir almashtirildi.
10 dan ortiq odam LXR va DXR hududiga qaytishdan bosh tortib, Kiyevda qolgan. Kiyevga ketishi kerak bo‘lganlardan 4 nafari Donetskda qolishga qaror qilgan.
LiveBarchasi