Inversiya yana faollashdi, PM2,5 me’yordan oshdi – O‘zgidromet
Bu qiziq
−
23 dekabr 3131 2 daqiqa
O‘zbekistonda yog‘ingarchiliklardan so‘ng ob-havo haroratining nisbatan iliqlashishi fonida atmosferada inversiya jarayonlari yana faollashmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Inversiya tabiiy jarayon bo‘lib, u sodir bo‘lganda sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qoladi va havo qavatlari aralashmaydi. Shu bois, mayda zarrachalar past havo qatlamida to‘planib, qisqa vaqtda konsentratsiya keskin oshadi.
Mazkur jarayon respublikaning ko‘plab hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Samarqand va Jizzax viloyatlarida, ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lib, ertalab, kechqurun va tungi soatlarda atmosferaning pastki qatlamlarida havo almashinuvining cheklanishiga olib kelmoqda. Oqibatda ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishi qiyinlashadigan noqulay meteorologik sharoit shakllanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, tabiiy-geografik joylashuv, relef xususiyatlari va sinoptik sharoitlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududi umumiy holda atmosfera inversiyasi tez-tez va deyarli doimiy kuzatiladigan mintaqalar qatoriga kiradi.
Respublika bo‘ylab iliq ob-havo harorati hamda inversiya jarayoni, dastlabki prognozlarga ko‘ra, mazkur haftaning oxirigacha saqlanib turishi kutilmoqda.
Bugun, 23 dekabr kuni soat 09:00 holatiga ko‘ra, atmosfera havosi ifloslanish monitoringi avtomatik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrining atmosfera havosidagi:

- PM10 mayda dispersli zarrachalarning miqdori 87 mkg/m3 ni tashkil etdi, bu ruxsat etilgan me’yorlardan (REM) (300 mkg/m3) oshmadi;
- PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 64 mkg/m3 ni tashkil etdi, ruxsat etilgan me’yorlardan 1,1 marta (60 mkg/m3) oshdi.