Atamboyev va uning sheriklari qanday sharoitda saqlanyapti?

Olam

image

Qo‘y-Tosh voqealaridan bir oy o‘tib hibsga olingan Almazbek Atamboyev va uning sheriklarining hibsdagi holati haqida “Kaktus media” o‘rganish olib bordi. 

Qo‘y-Tosh ishidagi guvohlar - QSDP vakillari Kunduz Joldubayev, Asel Koduranova, Adil Turduqulov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi 9-bo‘lim xodimi, sobiq Prezidentning soqchilaridan biri bo‘lgan Kanat Saginbayev va Ravshan Jeyenbekovlarning barchasi so‘roqqa kelishga va’da bergan.

22 avgust kuni Irina Karamushkina 8 avgust voqealarida guvohdan gumon qilinuvchiga o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, uning aybdorligi to‘g‘risida biron-bir dalil taqdim etilmagan. U 8 oktyabrgacha uy qamog‘ida bo‘ladi.

“Almazbek Sharshenovich kamerada yolg‘iz o‘zi. Bu kamerada bir necha kishi ushlab turilishi mumkin, lekin u yolg‘iz qolgan. Atamboyevni kuzatib turgan zobitlar unga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi, shuning uchun sobiq Prezidentning hibsda saqlash sharoitlaridan shikoyati yo‘q. Shanba kunlari, umumiy qoidalarga ko‘ra, qarindoshlari unga o‘zi yoqtirgan taomlarni keltirishi mumkin, u MXDQ tergov hibsxonasi kutubxonasidan foydalanadi”, dedi Atamboyevning advokati.

Farid Niyozov 8 avgustga o‘tar kechasi Almazbek Atamboyev bilan birga hibsga olingan. 10 avgust kuni sud uni 8 oktyabrgacha ushlab turishga qaror chiqardi. U sobiq Prezidentning boshqa sheriklari singari, “garovga olish” va “ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirish” moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Hozir u birinchi qamoqxonada saqlanmoqda. Niyozovning advokati Ulan Indikeyevning so‘zlariga ko‘ra, Niyozov hibsda saqlash sharoitlaridan shikoyat qilmaydi.

"Farid u yerda hech qanday tazyiq va imtiyozlarsiz hibsda saqlanmoqda. U 12 kishilik kamerada. Qo‘y-Tosh ishida ushlab turilganlar ular bilan aloqada bo‘lmasliklari uchun turli kameralarga joylashtirilgan, shu sababli Niyozov boshqa oddiy mahbuslar bilan birga ushlab turilgan.  Biz uning oilasi bilan ko‘rishishiga ruxsat so‘rash niyatidamiz", dedi Farid Niyozovning advokati.

Amantur Jamg‘irchiyev - QSDP siyosiy kengashi a’zosi va “Haykol Ala-Too” jamoat tashkilotining sobiq rahbari. Unga Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining "Garovga olish" va "Ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish" moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yildi. 10 avgust kuni u 8 oktabrgacha hibsga olingan. Hozir u birinchi qamoqxonada saqlanmoqda. Jamg‘irchiyevning advokati Baqtibek Jumashevning so‘zlariga ko‘ra, u umumiy kamerada saqlanmoqda. Hibsga olish sharoitlari bo‘yicha shikoyatlari yo‘q.

Alga Kilichev, Kyaz Smailov, Farhod Babiyev birinchi tergov hibsxonasida 9 oktabrgacha, Marat Shamenov 11 oktabrgacha hibsda bo‘ladi.

Qirg‘iziston Respublikasi Qiynoqlarning oldini olish milliy markazi direktori qiynoq va noinsoniy munosabat haqida shikoyatlar bo‘lmaganini aytdi. Ular boshqa mahbuslar bilan doimiy kamerada saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 8 avgust kuni MXDQ maxsus kuchlari Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni hibsga olgan. Uning tarafdorlari Bishkek markazida miting va tartibsizliklarni uyushtirishga uringanlar.

Biroq huquqni muhofaza qilish idoralari vaziyatni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lishdi. 9 avgust kuni sobiq Prezidentga Batukayevni ozod qilishda ayblov qo‘yilib, ikki oy davomida Milliy xavfsizlik xizmati tergov hibsxonasida ushlab turiladi.

7 dan 9 avgustgacha 136 kishi tibbiy yordamga murojaat qildi. Ulardan biri, "Alfa" xodimi Usen Niyazbekov vafot etdi. Chuy viloyati markaziy ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Samat Qurmanqulov komada bo‘lib, Moskvaga olib ketilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Atamboev sheriklari

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing