Atamboyev sudga kelishdan bosh tortdi 

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev 2020 yil oktyabr oyidagi tartibsizliklar bo‘yicha Pervomayskiy tuman sudida o‘tkazilgan dastlabki eshituvlar o‘z ishtirokisiz o‘tkazilishini so‘rab, sudga murojaat qilgan. Bu haqda uning advokati Sergey Slesarev ma’lum qildi.  

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, sobiq Prezident o‘z iltimosini sog‘lig‘ining yomonligi bilan izohlagan. So‘ng Sud ayblanuvchining iltimosini qanoatlantirib, dastlabki eshituvlar usiz o‘tkazilishini rasman bildirgan. 

“Qonun dastlabki eshituvlarni ayblanuvchisiz o‘tkazishga ruxsat beradi. Sud majlisi davomida ba’zi advokatlar ish materiallari bilan tanishmagani ma’lum bo‘ldi. 2020 yil oktyabr voqealari uchun ayblanuvchilarga ular qilmagan ayblovlar qo‘yildi. 5-6 oktyabr kunlari Almazbek Atamboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatorida bo‘lgan. Faylda maxsus xizmat rahbariyati sobiq Prezidentdan bo‘lim binosini tark etishni so‘raganini ko‘rsatadigan hujjat bor. U tashqariga chiqqan, noqonuniy ozodlik bo‘lmagan. 9 oktyabr kuni tinch miting bo‘lib, hokimiyatni qo‘lga olish uchun hech qanday shior va chaqiriqlar bo‘lmagan. Noma’lum odamlar tosh otishni boshlagan, ular javobgarlikka tortilmagan”, degan Sergey Slesarev. 

Avvalroq, hozirda qamoqda bo‘lgan Atamboyev yaqinlashib kelayotgan parlament saylovlarida ishtirok etish taklifini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edik.  

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston poytaxtining markaziy maydonida o‘tgan yilning 5-6 oktyabr, shuningdek 9 oktyabr kunlarida turli siyosiy kuchlar tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Natijada g‘alabani amaldagi Prezident Sadir Japarov tarafdorlari qo‘lga kiritib, raqiblarni maydonni tark etishga majbur qilishdi. To‘qnashuvlar chog‘ida noma’lum shaxs Atamboyev bo‘lgan mashinaga to‘pponchadan bir necha bor o‘q uzgan, biroq sobiq davlat rahbari jarohat olmagan. Jinoyatchi hali topilmagan. 

Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atamboyev birinchi marta 2019 yilning avgustida hibsga olingan. Keyinchalik unga bir nechta ayblovlar qo‘yildi, jumladan yerlarni taqsimlashda korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillikka urinish va hokazo. U bir necha oy oldin sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoridan tibbiy shifoxonaga ega bo‘lgan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Atamboev

Baholaganlar

97

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing